Mixail Dmitriyevich Skobelev (1843-yil 29-sentabr, Sankt-Peterburg — 1882-yil 7-iyul, Moskva) — Rossiya imperiyasining Turkistondagi bosqinchilik urushlarida faol ishtirok etgan rus harbiy arbobi, infanteriya generali (1881-yil). Bosh shtab akademiyasini tugatgan (1868-yil). 1869-yilda Oʻrta Osiyoga kapitan unvoni bilan kelgan va 8 yil ichida general-mayor unvoni bilan Rossiyaga qaytgan. Skobelev Xiva xonligini bosib olish (1873-yil) va Poʻlatxon qoʻzgʻoloni (1873— 1876-yillar) ni bostirishda K. P. Kaufmannnng eng yaqin yordamchilaridan biri boʻlgan. Andijonni vayron qilib aholisiga 3300 rubl tovon toʻlatgan. Qoʻqon xonligi tugatilgach, 1876-yil 19 fevralda tashkil qilingan Fargʻona viloyatining birinchi harbiy gubernatori boʻlgan. Skobelev tomonidan viloyat markazi Qoʻqon shahridan Yangi Margʻilonga koʻchirilgan. Turkistonda podsho Rossiyasining mustamlakachilik siyosatini joriy qilishda qatʼiy faollik koʻrsatgan. Rossiya-Turkiya urushi (1877—1878-yillar) qatnashchisi. Axaltaka harbiy yurishlari paytida 2-Axaltaka ekspeditsiyasiga rahbarlik qilgan. Koʻktepa (Geoktepa) qalʼasi va Dengiltepa rus askarlari tomonidan egallangach (1881-yil 12 yanvar), Skobelevning buyrugʻi bilan tirik qolgan barcha qalʼa aholisi: 45000 kishi (ayollar, qariyalar, bolalar) yoppasiga qirib tashlangan, ularning mol-mulki talangan va Koʻktepa yer bilan yakson qilingan. Skobelev ashaddiy shovinist va mustamlakachi sifatida Turkistondagi tub xalqlarga past nazar bilan qaragan. Skobelev haqida mahalliy aholida nafratli xotiralar saqlanib qolgan. Skobelev 1882-yilda Sankt-Peterburgda fojiali oʻldirilgan. Fargʻona viloyatining maʼmuriy markazi boʻlgan Yangi Margʻilon (hozirgi Fargʻona) 1907—1924-yillarda Skobelev nomi bilan atalgan"Skobelev Mixail Dmitriyevich" OʻzME. S-harfi Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
Skobelev Oʻrta Osiyoning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishining bevosita ishtirokchisi. Tarix sahifalariga jang paytida oq mundir va oppoq otda jang maydonida kurashgani sababli „oq general“ () nomi bilan kiritilgan. Bolgariya haloskori. Bolgar xalqi uni milliy qahramon sifatida ezozlashadi.
Yoshligi va taʼlimi Skobelev 1843-yil Sankt-Peterburgda, bobosi boshliq boʻlgan Petropavlovsk qal’asida dunyoga kelgan. Otasi Dmitriy Ivanovich Skobelev armiya generali boʻlgan.
1866-yil kuzida u general shtab akademiyasiga oʻqishga kirgan. Shtab akademiyasini tamomlagandan soʻng, 1868-yilda Turkistonga yuborilgan. Ikki yillik tanaffusni hisbga olmaganda (bu vaqtda u Kavkaz frontida xizmatda boʻlgan) u 1877-yilgacha Markaziy Osiyoda qolgan.
Yana qarang
Oʻrta Osiyoning Rossiya imperiyasi tomonidan bosib olinishi
Manbalar
Adabiyot Oʻzbekistonning yangi tarixi, 1kitob [Turkiston Chor Rossiyasi mustamlakachiligi davrida], T., 2000.
Turkum:1843-yilda tugʻilganlar Turkum:29-sentyabrda tugʻilganlar Turkum:Kishilar Turkum:7-iyulda vafot etganlar Turkum:1882-yilda vafot etganlar Turkum:Moskvada vafot etganlar Turkum:Toshkentlik kishilar Turkum:1873-yilgi Xiva yurishi qatnashchilari Turkum:Turkiston yurishi qatnashchilari Turkum:Fargʻona viloyati (Rossiya imperiyasi) gubernatorlari Turkum:Ashxobodlik kishilar Turkum:Bolgariya milliy qahramonlari