Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Boshqaruv samaradorligi agentligi — davlat organlari va tashkilotlarida inson resurslarini rivojlantirish hamda xodimlarni boshqarish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshirish uchun masʼul boʻlgan davlat fuqarolik xizmati ishlari boʻyicha vakolatli davlat organi hisoblanadi.
Tarixi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 3-oktabrdagi „Oʻzbekiston Respublikasida kadrlar siyosati va davlat fuqarolik xizmati tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi Farmoni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tashkil etilib, uning oldiga yagona kadrlar siyosatini yuritish borasida bir qator vazifalar belgilab berilgan edi. 2025-yil 9-dekabrda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tugatilib oʻrniga Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi.
Umumiy maʼlumotlar Agentlik toʻgʻridan-toʻgʻri Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga boʻysunadi va unga hisob beradi.
„Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi toʻgʻrisida“gi Nizom Agentlikning maqomi, asosiy vazifalari, funksiyalari, huquq va masʼuliyati, faoliyatining tashkiliy asoslarini belgilab beradi.
Agentlik oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, shuningdek, ushbu Nizomga hamda boshqa qonun hujjatlariga amal qiladi.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oʻz nomi yozilgan va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasvirlangan muhr va blankalarga, Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligining Gʻaznachiligida shaxsiy hisobvaraqlariga egadir.
Agentlik markaziy apparat va uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri hamda 12 ta viloyatlardagi filiallaridan iborat.
Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi oʻz vakolati doirasida qabul qilingan qarorlari davlat organlari va tashkilotlari tomonidan ijro etilishi majburiy hisoblanadi.
Agentlik vazifalari natijaga asoslangan boshqaruv modelini ishlab chiqadi hamda uning joriy etilishini uslubiy jihatdan muvofiqlashtiradi; maqsadli koʻrsatkichlarga erishilganligini „samaradorlik.gov.uz“ elektron platformasi orqali baholashni tashkil etadi; tegishli vazifalarni bajarish va maqsadli koʻrsatkichlarga erishishda kadrlar salohiyatini rivojlantirishga koʻmaklashadi; davlat organlari tomonidan vazifa va funksiyalarni amalga oshirishda moliyaviy resurslardan samarali foydalanilishini tahlil qiladi, biznes jarayonlarni qayta koʻrib chiqadi hamda samaradorlikni oshirish choralarini koʻradi; davlat fuqarolik xizmati lavozimlarini egallash uchun oʻtkaziladigan tanlovlarda zamonaviy yondashuvlarni, zarur hollarda esa qoʻshimcha saralash bosqichlarini joriy etadi.
Manbalar
Havolalar Tashkiliy tuzilmasi Rahbariyati Markaziy apparati Turkum:Davlat boshqaruvi Turkum:Agentliklar Turkum: davlat tashkilotlari