PR (oʻqilishi — piar) — ingilizcha "public „ relations“, yaʼni jamoatchilik bilan aloqalar maʼnosini anglatadi.

PR (Jamoatchilik bilan aloqalar) — Tashkilot yoki shaxs va ularning auditoriyasi yoki jamoatchilik fikrini yaxshiroq tushunish va ijobiy jamoatchilik fikrini yaratish maqsadida kanallar va axborot oqimini boshqarish sanʼati va fani.

Jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha mutaxassis ixtisoslashtirilgan aloqa rejasini tuzadi va ijobiy brend imidjini va maqsadli auditoriya bilan mustahkam aloqani yaratish va qoʻllab-quvvatlash uchun ommaviy axborot vositalari va boshqa toʻgʻridan-toʻgʻri va bilvosita vositalardan foydalanadi. Oddiy qilib aytganda, jamoatchilik bilan aloqalar — bu tashkilot va uning brendlari obroʻsini saqlab qolish uchun tashkilotga tegishli maʼlumotlarni ommaga chiqarish va tarqatishni boshqarishning strategik jarayoni. Ushbu jarayon quyidagilarga qaratilgan boʻladi:

Qanday axborotlar eʼlon qilinishi kerakligi,

Axborotlarni qanday tuzish kerakligi,

Axborotlar qanday taqdim qilinishi kerakligi va

Axborotni chiqarish uchun qanday ommaviy axborot vositalaridan foydalanish kerakligi.

PR tarixi Qadimgi Misr svilizatsiyasidan to oʻrta asrlargacha — odamlar muhim maʼlumotlarni bir-biriga yetkazish va subyektlarni nima sodir boʻlayotganidan xabardor qilishda yordam berish uchun qurilmalar va kanallardan foydalanganlar. Ushbu muloqot usullari bugungi kunda biz bilgan PRni shakllantirishga yordam berdi.

Qadimgi davrda PR Qadimgi dunyoda PR qoʻllanilganiga koʻplab misollar mavjud (garchi u paytda PR deb nomlanmagan boʻlsada). Masalan: miloddan avvalgi V—IV asrlarda yunon faylasuflari Sokrat, Platon va Aristotel kabilar jamoatchilik fikrining ahamiyatini anglab yetib, zodagonlarga ritorika orqali aholini ishontirish sanʼatini oʻrgatishgan (yaʼni, notiqlik sanʼati yordamida). Eramizdan 2200 yil oldin yashagan misrlik adabiyotshunos Ptah-Xotep odamlar bilan muloqot qilishning ahamiyatiga eʼtibor qaratib, „Ptah-Xotepning Maksimlari“ kitobini yozgan.

Miloddan avvalgi 50-yilda Yuliy Sezar oʻzining harbiy gʻalabalarini birinchi boʻlib siyosiy kampaniya biografiyasida eʼlon qilib, rimliklarning jamoatchilik fikrini u eng yaxshi davlat boshligʻi boʻlishi mumkinligiga ishontirdi — bu amaliyot bugungi kunda ham siyosiy nomzodlar tomonidan ommaviy axborot vositalarida qoʻllanadi.. Ushbu hujjat birinchi ommaviy axborot byulleteni sifatida qabul qilinadi.

Miloddan avvalgi 390-yillarda Avliyo Avgustinning imperator saroyida qilgan vazifasini biz bugungi kunda jamoatchilik bilan aloqalar boʻyicha direktor qiladigan vazifalarga taqqoslashimiz mumkin. U cherkovga foyda keltirishi uchun imperatorga va jamoatga muntazam ravishda murojaatlar yoʻllagan. Avliyo Avgustinning bu faoliyati hozirgi matbuot anjumanini eslatadi.

PR dastlab sotsiologiya va ommaviy psixologiya orqali jamoatchilik fikrini boshqarish va manipulyatsiya qilish usuli boʻlib xizmat qilgan. Dastlab, PR baʼzan propagandaning asosiy shakli boʻlgani uchun tanqid qilingan.

Bosma matbuot davrida PR Bosmaxona ixtiro qilingandan keyin tashviqotlar juda keng tarqala boshladi. Bu taniqli shaxslarga axborotni ommaga tarqatish va ularga maʼlum bir nuqtai nazardan taʼsir oʻtkazish imkonini berdi. Bu koʻplab mamlakatlar demokratiyaga aylanganda va fuqarolar hukumat saylovlarida ovoz berish huquqiga ega boʻlganida ajoyib vositaga aylandi.

Bu davrda koʻplab odamlar turli gʻoyalarni qoʻllab-quvvatlash uchun PRdan foydalanganlar. Masalan, Benjamin Franklin bosmaxonadan qullikka qarshi kurash, milliy xavfsizlikni oshirish va taʼlimni yaxshilash gʻoyalarini aholi orasida targʻib qilish uchun foydalangan.

Amerika inqilobi davomida Tomas Peyn „Inqiroz“ risolasini chop qildirdi. Bu risola general J. Vashington armiyasini chekinish haqida oʻylagandan koʻra qolish va jang qilishga koʻndirish uchun moʻljallangan edi.

Garchi bu nisbatan yangi boʻlib tuyulsa-da, zamonaviy PRdan birinchi marta XVIII asrda foydalanila boshlangan, ammo bu iboraning bugungi maʼnosi XX asrda paydo boʻlgan.

PR XX asrda

Ayvi Li Ayvi Li — zamonaviy PR asoschisi deb hisoblangan ikki kishidan biri. Koʻpgina zamonaviy PR mutaxassislari singari, Li ham oʻz karyerasini jurnalist sifatida boshlagan va Nyu-Yorkdagi bir nechta gazetalar, jumladan New York Times, New York American va New York World uchun maqolalar yozgan. Aynan 1903-yilda Li amerikalik sanoatchi kichik Jon D. Rokfeller va uning Standard Oil kompaniyasiga maslahat berganida, koʻpchilik PRni professional amaliyot sifatida shakillandi deb hisobladi.

Rokfellerlar oilasi va Standard Oil oʻzlarining koʻmir konlarida bir qator ish tashlashlarga munosabat bildirganlaridan soʻng, jamoatchilik orasidagi obroʻsiga katta putur yeta boshladi. Li Rokfellerni ushbu konlarga tashrif buyurishga va konchilar bilan muloqot qilishga undadi. Bu harakat uning kon ishchilari orasida obroʻsini oshirdi va Standard Oil haqida jamoatchilik fikrini yaxshiladi. Li, shuningdek, 1906-yilda Atlantik-Siti shahrida sodir boʻlgan yirik temir yoʻl halokatidan soʻng eʼlon qilingan birinchi press-relizning ortida turgan edi. Lini halokat sodir boʻlgan temir yoʻl liniyasiga egalik qiluvchi Pensilvaniya temir yoʻli kompaniyasi qidirib topdi. Faqat Li ularga oʻz obroʻsini saqlab qolishga yordam berishi mumkinligini bilishardi. Shuning uchun ham, kompaniya Ayvi Lini dahshatli halokat oqibatlarini boshqarish uchun ishlatishdi. Lining press-relizi The New York Times tomonidan matnni umuman oʻzgartirmasdan chop etildi. Lining pozitsiyasi matbuotni halokat joyiga maʼlumot va tafsilotlarni toʻplash uchun oʻzlarini taklif qilish edi. Inqirozni boshqarishning bunday turi Pensilvaniya temir yoʻli kompaniyasining ijobiy yoritilishiga olib keldi.

Edvard Berneys PR asoschisilaridan biri sifatida koʻriladigan yana bir olim Edvard Berneysdir. U Avstriyada tugʻilgan, lekin bolaligida oilasi bilan AQShga koʻchib kelgan. Bernays psixoanaliz nazariyasi asoschilaridan boʻlgan Zigmund Freydning jiyani edi. Bernaysning koʻplab PR strategiyalariga amakisining xulq-atvor psixologiyasiga oid nazariyalari taʼsir qildi. Berneys Ikkinchi Jahon urushi davrida hukumatlar tomonidan jamoatchilik fikriga taʼsir qilish uchun qoʻllanadigan siyosiy tashviqotlar korporatsiyalar tomonidan jamoat xatti-harakatlariga yanada nozik shaklda taʼsir qilish uchun ishlatilishi mumkinligiga ishongan. Berneys PR mavzusiga fan sifatida yondashishi va Freydning psixoanaliz nazariyalarini boshqa sotsiologik nazariyalar bilan birlashtirib, oʻzining PR usullarini ishlab chiqishi bilan ajralib turadi. Berneys press-reliz sanʼatini takomillashtirish va PR boʻyicha ilk nazariyaning koʻp qismini ishlab chiqgan va ularni oʻzining 1923-yilda nashr etilgan „Jamoatchilik fikrini kristallashtirish“ kitobida bayon qilgan.

XXI asr — raqamli axborot asrida PR 2000-yillarning boshlarida PR nihoyatda ommalashdi, chunki Internet axborotlarni ommaga osonlikcha taqdim etadigan platformani yaratgan edi.

Oʻz dolzarbligini saqlab qolish uchun PR oʻzgaruvchan media landshaftiga mos kelishi va muloqotning yangi usullariga moslashishi kerak edi. 2008-yilda AQShda boʻlib oʻtgan prezidentlik saylovlarida siyosatchilarni oʻz saylovchilari bilan bogʻlash uchun ijtimoiy tarmoqlar samarali foydalanilganini koʻrish mumkin.

Sobiq prezident Barak Obama Facebook, Myspace, Twitter, LinkedIn va YouTube kabi ijtimoiy media platformalaridan Amerika yoshlari orasida oʻz imijini mustahkamlash uchun foydalandi. Saylovda qatnashib chiqayotgan fuqorolardan olingan soʻrovnomalar (exit poll) shuni koʻrsatdiki, bu taktika muvaffaqiyatli boʻldi, chunki Obama 25 yoshgacha boʻlganlarning deyarli 70 foizi ovozini qoʻlga kiritgan edi. Bu 1976-yilda AQShda exit-polling tashkil etilganidan beri kuzatilgan eng yuqori koʻrsatkich hisoblanadi. Obamaning PR strategiyasi ijtimoiy media taʼsir doirasi kengayib borayotganini isbotlagan edi.

Soʻnggi bir necha yil ichida, ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlar kommunikatsiya olamida hukmronlik qilib, mutaxassislar tomonidan PR uchun ishlatiladigan ommabop va samarali vositaga aylandi.

Doimiy ravishda yangi va innovatsion texnologiyalar yaratilishi bilan PR ham oʻsib boradi va doimiy oʻzgarishda davom etadi.

PR faoliyatining tamoyillari va funksiyalari Jamoatchilik fikrini oʻrganish va undan kompaniya ishida foydalanish, jamoatchilikka korxona siyosati va faoliyatining mohiyatini tushunishga yordam beradigan maʼlumotlarni tarqatishdir PR faoliyatining asosini tashkil etadi..

Bu jarayonda PRning asosiy tamoyillariga amal qilish kerak boʻladi. Bular:

kompaniya faoliyatining jamiyatga nisbatan halolligi va haqqoniyligi; Tashkilot va jamoatchilik uchun oʻzaro manfaatdorlikni taʼminlash; Kompaniyaning ishi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ochiqligi; Ommaviy axborot vositalarini monitoring qilish, kompaniya haqida materiallarni topshirish jarayonini kuzatish; Jamoatchilik bilan muomala qilishda axloqiy meʼyorlarga rioya qilish.

PR faoliyatining uchta asosiy funksiyasi mavjud:

Jamiyatning fikri va xulq-atvorini nazorat qilish funksiyasi nafaqat kompaniya, balki auditoriya manfaatlariga erishish uchun zarurdir. Jamoatchilikning tashkilotga boʻlgan munosabatini kuzatish unga oʻz ishiga tuzatishlar kiritish imkonini beradi va shu orqali uning obroʻsini oshiradi. Navbatdagi funksiya esa kompaniya faoliyatidagi tushunmovchilik va ishonchsizlikni aniqlash va nizolarni hal qilish choralarini ishlab chiqish uchun amalga oshiriladi. Uchinchi funksiya PR faoliyatining asosiy maqsadi bilan rezonanslashadi. Kompaniyaning harakatlari jamoatchilik bilan oʻzaro manfaatli munosabatlarni taʼminlashi yoki bunga hissa qoʻshishi taminlanadi

Bundan tashqari, ichki va tashqi PR mos ravishda ajralib turadi.

PR faoliyatining tashqi funksiyasi kompaniyaning jamoatchilik oldida qulay obroʻsini shakllantirish va qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan boʻladi. Bu ommaviy axborot vositalaridagi salbiy xabarlarni zararsizlantirish va kompaniya faoliyati haqida ijobiy maʼlumotlarni taqdim etishdan iborat boʻladi.

PR ning ichki funksiyasi korxonada korporativ madaniyatni shakllantirishga yordam beradi. Xodimlar oʻz tashkilotining obroʻsini oshirishdan manfaatdor boʻlishi kerak, buning uchun xodimlarning qulay ishlashi uchun barcha sharoitlarni yaratish kerak. Ichki atmosfera odamlarning ishlashiga va shunga mos ravishda kompaniyaning samaradorligiga bevosita taʼsir qiladi.

PR turlari PR koʻp qirrali faoliyat boʻlib, oʻzining maqsadlari, vazifalari va amalga oshirilishida qilinadigan ishlariga koʻra bir necha turlarga boʻlinadi. Koʻpchilik tadqiqotchilar tomonidan PR turlari ranglarda ifodalanadi.

PR ning rangli turlari

Oq PR Oq PR buyurtmachilar va maqsadli auditoriya oʻrtasidagi aloqa uchun qulay imkoniyat sifatida foydalaniladi. Bunday holda, maʼlumot nihoyatda ijobiy boʻlib, faqat ishonchli axborotlar ommaga eʼlon qilinadi. Mutaxassislarning taʼkidlashicha, oq PRning asosiy vazifasi kimgadir yoki biror narsaga nisbatan ijobiy munosabatni shakllantirishdir. Ijobiy imidj tashkilotning bozordagi raqobatbardoshligini oshiradi. Agar ijobiy munosabat shakllansa, unda ishonch va oʻz navbatida yuqori baholar va ishonchli tanlov boʻlishi aniq. Bundan tashqari, ijobiy imidj, qoida tariqasida, obroʻ-eʼtiborning oshishiga va natijada hokimiyat va taʼsir doirasining kengayishiga yordam beradi. Oq PRning klassik namunasi 1964—1965-yillarda Ford Mustangning ommaviy ishlab chiqarilishidir. Keyin korporatsiya egasi D. Ford PR-aksiya sifatida potentsial xaridorlar uchun bir qator ziyofatlar uyushtirdi, u yerda DJ-lar va boshqa mashhur shaxslar yangi Mustanglarga kelishdi, bu esa yangi avtomobilga qiziqishni kuchaytirdi.

Qora PR