Shashmaqom festivali — ilk bor 2022-yil oʻtkazilgan va 2022-yildan boshlab, Buxoroda 2 yilda bir marotaba may oyida oʻtkazilishi rejalashtirilgan festival. Festival Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 16-noyabrdagi „Buхoro viloyatida yosh ijrochilarning „Shashmaqom“ Respublika festivalini tashkil etish va oʻtkazish chora-tadbirlari toʻgʻrisida“gi 685-son qaroriga muvofiq tashkillashtiridi.
Festival Buxoro viloyati hokimligi, Madaniyat vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi va Oʻzbek milliy maqom sanʼati markazi tomonidan tashkil etiladi va oʻtkaziladi.
Festivalda 30 yoshgacha boʻlgan yakkaxon ijrochilar hamda faqat tarkibi 15 dan ortiq boʻlmagan xonanda va sozandalardan tashkil topgan ijodiy jamoalar faqatgina maqom asarlari bilan ishtirok etadi. Festival 2 ta yoʻnalish: „Mushkilot“ (cholgʻu) va „Nasr“ (ashula) boʻyicha oʻtkaziladi. Ishtirokchilarning chiqishlari 9-11 nafar ekspertdan iborat hakamlar hay’ati tomonidan 10 ballik tizimda baholandi. Festival gʻoliblari diplomlar, qimmatbaho sovgʻalar bilan taqdirlanadi.
Mazkur festivaldan koʻzlangan maqsad, hujjatda ta’kidlanganidek, oʻzbek musiqa san’atini yanada yuksak bosqichga koʻtarish, milliy maqom san’atini jahon sahnasiga olib chiqish, iste’dodli yoshlarni aniqlash, ragʻbatlantirish va targʻib qilish, umuman, yoshlar oʻrtasida maqom san’atiga qiziqishni oshirishdan iborat.
Festivalda ijro etiladigan asarlar roʻyxati festivalga uch oy qolganda tashkilotchilar tomonidan tasdiqlanadi va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.
Xalqaro Shashmaqom festivali Xalqaro Shashmaqom festivali — O‘zbekistonning boy musiqiy merosini asrash, rivojlantirish va keng targ‘ib etishga qaratilgan nufuzli madaniy tadbir hisoblanadi. Festival doirasida an’anaviy maqom ijrochiligi, ilmiy-amaliy anjumanlar, ijodiy uchrashuvlar va konsert dasturlari tashkil etiladi.
Mazkur festivalda O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan nufuzli mehmonlar, taniqli san’atkorlar, olimlar va madaniyat arboblarining ishtiroki muntazam ravishda ta’minlab kelinmoqda. Bu esa festivalning xalqaro miqyosdagi obro‘sini yanada oshirishga xizmat qilmoqda.
Shuningdek, ushbu tashabbus O‘zbekiston madaniyatini xorijiy davlatlarda keng yoritish, milliy musiqa san’ati — shashmaqomning betakror an’analari va estetik qadriyatlarini jahon hamjamiyatiga tanishtirishga muhim hissa qo‘shmoqda. Festival madaniy diplomatiya vositasi sifatida mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
2022-yil Festival ilk bor 2022-yil may oyida Buxoroda oʻtkazildi.
Tadbirning ochilish marosimi Buxoro shahridagi Yoshlar markazida boʻlib oʻtdi. Tadbirda Buxoro viloyati hokimi B. Zaripov nutq soʻzladi. Tadbirda Oʻzbekiston Qahramoni Munojot Yoʻlchiyeva, Matluba Dadaboyeva, Gulbahor Erqulova kabi aktrisalar ishtirok etdi.
Tadbir doirasida boʻlib oʻtgan konsert dasturida „Mustahzod“, „Mustahzodi navo qashqarchasi“, „Samarqand ushshogʻi“, „Toshkent irogʻi“, „Qadimgi ushshoq“, „Eshvoy“ kabi maqom asarlari va kuy-qoʻshiqlar ijro etildi.
Festivalda 30 yoshdan kichik boʻlgan, yakkaxon ijrochilar ishtirok etdi. 15 dan ortiq boʻlmagan xonanda va sozandalardan tashkil topgan ansambllar ishtirok etdi. Ishtirokchilarning chiqishlari 9-11 nafar ekspertdan iborat hakamlar hay’ati tomonidan 10 ballik tizimda baholandi.
Festival Buxoro viloyati hokimligi tomonidan tashkillashtirildi.
Bu yilgi festivalning taqdirlash marosimi 2022-yilning 24-mayida boʻlib oʻtdi.
Manbalar
Havolalar Vazirlar Mahkamasining Shashmaqom festivalini oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori hujjati
Turkum:Buxorodagi festivallar