Aʼzam Obid (1974) ​​— shoir, yozuvchi va tarjimon.

Hayoti Aʼzam Obidov 1974-yilning 8-noyabrida Namangan shahrida tugʻilgan. Shahridagi 7-sonli maktabni oltin medal bilan tamomlaganidan soʻng, Namangan davlat universiteti va Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida oʻqigan. Hozirda AQSh elchixonasida faoliyat yuritadi. Oilali, 3 nafar farzandi bor.

Ijodi Aʼzam Obidov oʻzbek va ingliz tillarida ijod qiladi. Uning „Yoʻlimni poylaydi moʻjiza“ (oʻzbek va ingliz tillarida), „Muhabbat, oqaver tomirlarimda“ (N. Abdullayeva bilan hammualliflikda), „Sogʻintirib ketgum qadamlarimni“, „My name is Uzbekistan“ (oʻzbek va ingliz tillarida) kabi kitoblari nashrdan chiqqan. Ijodi dunyoning 25 tiliga tarjima qilingan. Sheʼrlari va tarjimalari kitob holida Buyuk Britaniya, Hindiston, Germaniya, Fransiya, AQShda chop etilgan.

Tarjimalari Aʼzam Obidov bir qator oʻzbek ijodkorlarining ijodini ingliz tiliga tarjima qilgan. Jumladan, Alisher Navoiyning "Farhod va Shirin" dostonining inglizcha tarjimasi Turkiyada, gʻazallari tarjimasi AQShda chop etilgan. Shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi xalq yozuvchisi Erkin Aʼzamning romanlari, Salomat Vafo, Evril Turon kabi adiblar va Abdulhamid Choʻlpon, Usmon Nosir, Rauf Parfi, Jamol Kamol, Oʻroz Haydar, Bahrom Roʻzimuhammad, Baxtiniso Mahmudova kabi shoirlarning sheʼrlarini ingliz tiliga tarjima qilgan.

Adabiy loyihalardagi ishtiroki Aʼzam Obidov xorijiy davlatlarda tashkil etilgan turli adabiy loyiha va festivallarda ishtirok etib keladi. Shuningdek, uning tashabbusi bilan Oʻzbekistonda ham xalqaro va mahalliy adabiy loyihalar tashkil etilgan. Jumladan, uning „Chet ellik shoir Oʻzbekistonda rezidensiyada“, „Metroda sheʼrxonlik“ kabi ijodiy dasturlarni amalga oshirgan.

Manbalar

Turkum:Namangan davlat universiteti bitiruvchilari Turkum:Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti bitiruvchilari Turkum:Oʻzbekistonlik tarjimonlar Turkum:Oʻzbekistonlik erkak shoirlar