Polimenorreya (tez-tez hayz koʻrish) – menstrual sikllar oraligʻi 21 kundan qisqa boʻlgan hayz davrining buzilishidir. Polimenorreyada sikllar muntazam va hayz siklidagi qon miqdori normal boʻladi. Normal holda, hayz koʻrish davri 25 kundan 30 kungacha, oʻrtacha davomiyligi 28kunni tashkil etadi.
Polimenorreya odatda anovulyatsiya (ovulyatsiyaning amalga oshmasligi), luteal fazaning yetarli emasligi yoki qisqaligi va/yoki qisqa follikulyar faza tufayli yuzaga keladi. Polimenorreya balogʻat va oʻsmirlik davrida gipotalamo-gipofizar-gonadal oʻqning yaxshi rivojlanmaganligi tufayli kuzatiladi. Qisqa hayz davrlari erta perimenopauzada (menopauzaga oʻtish) davrida ham koʻp uchraydi. Giperprolaktinemiya, gipotireoz, gipertireoz, Kushing sindromi va akromegaliya kabi baʼzi endokrin kasalliklar polimenorreyaga olib kelishi mumkin. Klassik simptom hisoblanmasa-da, polimenorreya bachadon miomasi natijasida paydo boʻlishi ham mumkin. Polimenorreya, qon yoʻqotish tufayli anemiya va temir tanqisligiga olib kelishi mumkin. Bundan tashqari, luteal fazaning yetarli emasligi va shuning uchun progesteron yetishmovchiligi tufayli polimenorreya endometriy saratoni xavfining ortishiga sabab boʻlishi mumkin.
Polimenorreya odatda vaqtinchalik yuzaga kelib, oʻz-oʻzidan oʻtib ketadi, shuning uchun maxsus davolanishni talab qilmaydi. Agar bu holat uzoq davom etsa yoki tez-tez hayz koʻrish tufayli sezilarli qon yoʻqotish boʻlsa, davo choralari koʻrsatilishi mumkin. Davolashning asosiy yoʻnalishlari ovarial siklning luteal bosqichida progestogen yoki kombinatsiyalangan ogʻiz kontratseptiv tabletkalaridan foydalanishdan iborat.
Polimenorreya baʼzan metrorragiya (menstrual sikllar orasidagi hayzli qon ketish) bilan adashtirilishi mumkin. Uni muntazamligi bilan metrorragiyadan ajratish mumkin. Ushbu holatni polimenorreya va menorragiyaning kombinatsiyasi boʻlgan polimenorragiyadan ham farqlay bilish lozim.
Manbalar
Turkum:Ginekologiya