Hanif Hisanovich Burnashev (1900-yil 12-dekabrda tugʻilgan) — oʻzbekistonlik jamoat hodimi, sovet partiya va davlat arbobi. Hayoti va faoliyati U Namangan viloyati Shahand qishlogʻida tatar dehqon oilasida dunyoga kelgan. Dastlab yangi usuldagi maktabda oʻqigan. Mustaqil ravishda rus va tojik tillarini oʻrgangan. Keyinchalik 1915—1916-yillarda Toshkentdagi gimnaziyada oʻqishni davom ettirgan. Hanifaning xat-savodliligini koʻrgan hokimiyat vakillari 1917—1918-yillari uni oʻz ishlariga jalb qiladilar. Soʻngra u millatlar komissarligining oʻlka sanʼat qoʻmitasini boshqaradi. 1919—1922-yillarda navbatma-navbat Toshkent, Sirdaryo va Fargʻona firqa qoʻmitalarida hamda Markaziy shoʻro va firqa turk maktabida mudir boʻlib, dialektik materializm, siyosiy iqtisod fanlaridan maʼruzalar oʻqigan.

1921—1925-yillarda Xalq kommunistik partiyasining 5-6—qurultoylarida va 1924-yil may oyidagi 8-qurultoyida hamda 1922-yil avgustdagi 12-Umumrossiya partiya konferensiyasida, Sovet Ittifoqi Kommunistik partiyasining 1921-yil mart oyidagi 10-qurultoyida firqa tashkiloti vakili sifatida ishtirok etadi.

1924-yildan boshlab Bolsheviklar Butunittifoq Kommunistik partiyasi Markaziy Qoʻmitasining targʻibot va tashviqot boʻlimida rahbar lavozimida faoliyat olib boradi. 1925-yilda oʻzbek tilini yaxshi bilganligi sababli „Qizil Oʻzbekiston“ gazetasida masʼul muharrir va bir vaqtning oʻzida „Kommunist“ nashri tahrir hayʼati aʼzosi sifatida ish yuritgan. 1924-yilda Gosplan komissiyasi aʼzolari tarkibiga kiritilgach respublika sanoat korxonalarini qurish ishlariga jalb qilinadi. 1925-yilda Oʻzbekiston Xalq komissarlar Soveti Raisi oʻrinbosari vazifasiga tayinlanadi.

1928-yil mart oyida Oʻzbekiston Gosplan hayʼati raisi etib tayinlandi. 1928-yil sentabrda Yer ishlari (ziroatchilik) xalq komissari sifatida komissarlikni boshqargan. 1929-yilda Oʻzbekiston MIQ Prezidiumi aʼzosi etib tayinlandi. 1930—1937-yillarda Yer ishlari komissari oʻrinbosari hamda komissarlikning moliya-plan boʻlimining boshligʻi boʻlib ishlaydi. Hanif Burnashevni oʻzbek tilida siyosiy iqtisod va jamiyatshunoslik haqida darsliklarni birinchilardan boʻlib yozib yaratgan shaxs sifatida ham tanisak boʻladi.

1937-yil 25-iyunda NKVD xodimlari tomonidan terroristik tashkilotga aʼzo deb topilib, toʻqima ayb bilan qamoqqa olinadi va keyinchalik 1938-yil 22-martda otib oʻldirishga hukm qilindi. 1956-yil 18-avgustda oqlandi.

Manbalar

Turkum:Qatagʻon qurbonlari Turkum:1900-yilda tugʻilganlar Turkum:1938-yilda vafot etganlar