Flutura Ibrohimi Albaniyalik sportchi boʻlib, Uta Ibrohimi nomi bilan mashhur (1983-yil 27-noyabr, Gilan shahrida tugʻilgan) — Kosovolik alban alpinisti.
U dunyodagi eng baland choʻqqi Everestga koʻtarilgan birinchi alban ayoli hisoblanadi.
Everestdan keyin (2017-yil 22-may) Uta Manasulu (8163 m), Cho-Oyu (8201 m), Lxotse (8516 m), Gasherburum (8080 m), Annapurna 1 (8091 m), Makalu (8485 m), Dhaulagiri (8167 m), Nanga Parbat (8125 m), Keng choʻqqi (8047 m) va K2 (8611 m) kabi choʻqqilarni zabt etgan ilk ayol alpinist hisoblanadi.
Muvaffaqiyatidan soʻng Uta Ibrohimi koʻplab mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari orqali mashhurlikka erishgan.
Alpinizm faoliyati va ommaviy axborot vositalaridagi chiqishlari orqali Uta tabiat, togʻlar va inson huquqlari, xususan, Kosovo va Albaniya haqida dunyo hamjamiyatida xabardorlikni oshirishga harakat qilgan.
Uta shuningdek, gender tengligi, yoshlarning imkoniyatlarini kengaytirish va atrof-muhitni muhofaza qilishni targʻib qiluvchi Barqaror rivojlanish maqsadlari musobaqasida mutloq gʻoliblikni ham qoʻlga kiritgan.
Biografiyasi Uta Ibrohimi Kosovo Respublikasining Gilan shahrida tugʻilgan. „Urush paytida Kosovo oʻsib-ulgʻayish uchun oson joy boʻlmagan“, deydi Ibrohimi oʻz xotiralarida. U Prishtina universitetining Iqtisodiyot fakultetini tamomlagan va universitetida marketing boʻyicha diplom olgan.
Uta oʻz faoliyatini turli xususiy kompaniyalarda marketing boʻyicha mutaxassis sifatida davom ettirishga harakat qilga. Uta Ogilvy Karrota marketing agentligi direktori lavozimida ham faoliyat yuritgan. U marketing sohasidagi faoliyati, yirik biznes mijozlari uchun marketing kampaniyalarini ishlab chiqish bilan bir qatorda, inson huquqlariga asoslangan ijtimoiy loyihalar ustida ham ishlagan. Uta shuningdek, DokuFest hujjatli filmlar festivalida marketing boʻyicha menejer, hakamlar hay’ati aʼzosi va tadbir tashkilotchisi sifatida ham oʻzini koʻrsatgan. 2015-yilda u oʻz kuchini alpinistlikka boʻlgan ishtiyoqiga bagʻishlash uchun marketing sohasidagi faoliyatini yakunlagan.
2016-yilda u Kosovada madaniyat va turizmni rivojlantirish maqsadida Butterfly Outdoor Adventures kompaniyasiga asos solgan. Butterfly Outdoor Adventures USAID tomonidan tashkil etilgan „Dinarika“ loyihasining bir qismi boʻlib, Kosovodan Sloveniyaga va aksincha boʻlgan yoʻlni barqarorlashtirdi va Gʻarbiy Bolqon boʻylab masʼuliyatli turizmni targʻib qiluvchi va rivojlantiruvchi doimiy platformaga aylandi.
2019-yilda Uta „Utalaya fondi“ ni tashkil qilgan, uning vazifasi togʻlarni sevadigan va himoya qiladigan yosh alpinistlarning yangi avlodini tarbiyalash boʻlgan. Jamgʻarma faoliyatining asosiy yoʻnalishi sport, alpinizm va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻyicha aholining xabardorligini oshirish, ayniqsa, olisda joylashgan qishloqlardagi yosh qizlarga qaratilgan edi. U koʻplab mahalliy va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qilgan hamda har yili oʻz loyihalari portfelini kengaytirishda davom etmoqda.
Manbalar
Turkum:Yashayotgan insonlar Turkum:1983-yilda tugʻilganlar