Sokrat (Sokrates), Suqrot (miloddan avvalgi 470/469 —Afina — 399) — yunon faylasufi. Haykaltarosh Sofriniks va doya Fenaretta oilasida tugʻilib oʻsgan. Oʻz taʼlimotini ogʻzaki bayon qilgan, hech qanday yozma manba qoldirmagan. Sofistlarga qarshi kurashish va yoshlarni tarbiyalashni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Atrofiga koʻplab iqtidorli talabalarni jamlagan. Bu talabalarning bir qismi (Alkiviad, Kritiy va boshqalar) Afina demokratiyasiga qarshi kayfiyatda boʻlgan. Suqrotni demokratiyaga nisbatan dushmanlikda asossiz ayblashgan. Aslida u boshqaruvning hamma shakli — monarxiya, mustabidlik, aristokratiya, plutokratiya va demokratiyani, agar ular adolatni buzayotgan boʻlsa, tanqid qilgan. Suqrot taʼlimotidagi tanqidiy ruh Afina hukmron doiralarini xavotirga solgan. Buning natijasida Suqrot yoshlarni yoʻldan adashtirganlik, fuqarolik meʼyorlarini buzganlik hamda "yangi xudolarga sajda qilish"da ayblanib, sudga berilgan va oʻlim jazosiga hukm qilingan. Bu hukm turmada Suqrotga zahar ichirish yoʻli bilan ijro etilgan. Suqrotning falsafiy taʼlimoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni unga zamondosh va shogird boʻlgan Ksenofont, Platon, keyinroq Aristotel yozib qoldirgan. Suqrot faqirona kun kechirib, doimo eski liboslarda, oyoq yalang yurardi. Uning turmush tarzi ham, soʻzlari va suhbatlari ham odamlarda katta qiziqish uygʻotardi. Faylasuf koʻp vaqtini odam gavjum maydonlarda, xiyobonlarda oʻtkazgan. Oʻzining suhbatidan bahramand boʻlish niyatida yurgan istalgan kishi bilan savol-javob qilgan. Ushbu muloqotlarning uslubi va xarakteri Platonning suhbat tarzida yozilgan asarlarida oʻz ifodasini topgan. Suqrot oʻz falsafiy tadqiqotlariga axloqiy masalalarni asos qilib olgan. U olamning kelib chiqishi va tuzilishini oʻrganish zaruratini rad etib, bu masalalarni yechishga inson tafakkuri qodir emas deb hisoblagan. Suqrot taʼlimotiga koʻra, falsafaning maqsadi oʻz-oʻzini bilish boʻlib, bu esa chin ezgulikka erishish yoʻlidir; ezgulik — bilim yoki donolik. Suqrot insonda birinchidan, oʻrta miyonalik, mo'tadillik, yaʼni ehtiroslarni jilovlay bilishni, ikkinchidan, dovyuraklik, yaʼni xavf-xatarni yenga bilishni, uchinchidan, adolat, yaʼni ilohiy va insoniy qonun-qoidalarga rioya eta bilishni eng asosiy ezgulik va yaxshilik belgisi deb hisoblagan. Zamondoshlari va shogirdlarining guvohlik berishicha, Suqrot oʻzining chuqur dialektik fikrlashi, yaʼni predmetga oid nomukammal tushunchalardagi ziddiyatlarni ochish orqali oʻsha predmetni bilish sari yetaklay olish sanʼati, induktiv taʼlimotdan foydalanish mahorati bilan katta taassurot uygʻotgan. Suqrot taʼlim-tarbiya amaliyotidagi har qanday aqidaparastlikni qattiq qoraladi. Taʼlimning maʼruza oʻqish shaklidan voz kechib, suhbat va munozaralar orqali haqiqatni izlab topishni asosiy uslubga aylantirdi. U barcha mavjud nuqtai nazarlarning hech biriga qoʻshilmay turib, ularni tanqidiy asosda muhokama qilishga intilgan. Pedagogikada majburlashdan, zoʻravonlikdan voz kechish tarafdori boʻlgan. Uningcha, bilim berishning yagona vositasi — ishontirish. Suqrot nomi keyingi davrlar uchun donishmandlik timsoli boʻlib qolgan.
Suqrot yoki Sokrat (yun.: Σωκράτης taxminan mil. av. 470–mil. av. 399) qadimgi yunon faylasufi boʻlgan. U falsafada toʻntarilish yasagan Suqrot metodi muallifidir. Xususan, Suqrot pedagogiyaga ham falsafiy yondashuv olib kirgan, bunda muallim oʻquvchining oʻzi eng yaxshi javobga kelishi uchun uni yoʻnaltiruvchi savol-javobga tutadi. Suqrot Gʻarb falsafasiga hamda uning asoschilari - Aflotun va Arastuga katta taʼsir oʻtkazgan, deb hisoblanadi.
Manbalar
Havolalar
Turkum:Suqrot Turkum:Akademik skeptitsizm Turkum:Qadimgi Afinalik faylasuflar Turkum:Qadimgi Yunoniston epistemologlari Turkum:Qadimgi Yunoniston axloqshunoslari Turkum:Qadimgi Yunoniston metafaylasuflari Turkum:Qadimgi Yunoniston metafiziklari Turkum:Qadimgi Yunoniston faylasuflari Turkum:Qadimgi Yunoniston siyosiy faylasuflari Turkum:Qotillikda ayblangan qadimgi yunonlar Turkum:Aforistlar Turkum:Klassik gumanistlar Turkum:Tanqidiy fikrlash Turkum:Dinlarni tanqid qilish Turkum:Madaniyatshunoslar Turkum:Axloqshunoslar Turkum:Qatl qilingan qadimgi yunonlar Turkum:Qatl qilingan faylasuflar Turkum:Suqrot oilasi Turkum:Falsafiy anʼanalarning asoschilari Turkum:Taʼlim tarixi Turkum:Fikrlar tarixi Turkum:Mantiq tarixi Turkum:Falsafa tarixi Turkum:Mantiqshunoslar Turkum:Meta-etika Turkum:Metafalsafa Turkum:Metafizika Turkum:Ontologlar Turkum:Qadimgi Afinada qatl etilgan odamlar Turkum:Zahar bilan qatl qilingan odamlar Turkum:Bidʼat uchun qatl etilgan odamlar Turkum:Sanʼat faylasuflari Turkum:Madaniyat faylasuflari Turkum:Taʼlim faylasuflari Turkum:Huquq faylasuflari Turkum:Adabiyot faylasuflari Turkum:Mantiq faylasuflari Turkum:Sevgi faylasuflari Turkum:Fan faylasuflari Turkum:Ijtimoiy fanlar faylasuflari Turkum:Falsafa yozuvchilari Turkum:Siyosiy faylasuflar Turkum:Ratsionalizm nazariyotchilari Turkum:Diniy skeptiklar Turkum:Ijtimoiy sharhlovchilar Turkum:Ijtimoiy tanqidchilar Turkum:Ijtimoiy faylasuflar Turkum:Gʻarb sivilizatsiyasi nazariyotchilari Turkum:Gʻarb madaniyati Turkum:Gʻarb falsafasi