Abulfavoris Ahmad ibn Ali ibn al-Ixshid () 968—969-yillarda Misr, Suriya va Hijozni boshqargan Ixshidiylar sulolasining mustaqil hukmronlik qilgan soʻnggi hukmdori. Biroq, hali yosh bola boʻlgani sababli, amalda hukmronlik qilmagan. Uning oʻrniga, avval vazir Jaʼfar ibn al-Furot, keyin esa amakisi al-Hasan ibn Ubaydulloh ibn Tugʻj vasiyligida boʻlgan. Hukmronligi 969-yil yozida Fotimiylarning Misrni istilo qilishi bilan yakunlangan. Hayoti Ahmad uchinchi Ixshidiy hukmdor Abulhasan Ali ibn al-Ixshidning oʻgʻli va sulola asoschisi Muhammad ibn Tugʻj al-Ixshidning nabirasi. Otasi Ali 966-yil yanvarda vafot etganda, Abulfavoris atigi oʻn yoshda edi. Shu sababli, davlatni uzoq vaqtdan beri boshqarib kelayotgan qudratli shaxs Abulmisk Kafur hokimiyat jilovini oʻz qoʻliga oldi.
968-yil aprelida Kafur vafot etgach, Ahmad taxtga oʻtirdi. Biroq, Misrda vaziyat ogʻir edi. Jumladan, vazir Jaʼfar ibn al-Furot hukumatni boshqarishga urinar, ammo byurokratiyadan tashqarida taʼsir kuchiga ega emas edi. Fotimiylar agentlari badaviylar orasida gʻalayonlar uyushtirardi. Qoʻshin oʻzaro qarshi guruhlarga boʻlinib ketgan edi. Bu guruhlar Muhammad al-Ixshid tuzgan Ixshidiya, Kafur yollagan Kafuriya hamda Saqaliba yoki Rum deb atalgan Yevropa/Vizantiya qul askarlari edi. Bundan tashqari, Nil daryosida suv sathining bir necha yil davomida past boʻlgani tufayli yuzaga kelgan ocharchilik xazinani boʻshatib qoʻygan edi. Oxir-oqibat, Ibn al-Furotni Ahmadning amakisi, Falastin noibi al-Hasan ibn Ubaydulloh ibn Tugʻj taxtdan agʻdardi. Hasan 968-yil kuzidan Fustatni oʻz nazoratiga olib, oʻzini regent etib tayinlagan. Bu davrda zarb etilgan tangalarda Hasanning ismi rasmiy hukmdor hisoblangan Ahmadning ismidan oldin yozilgan. Biroq, atigi uch oydan soʻng, al-Hasan ibn al-Furot oʻrniga oʻz shaxsiy kotibi al-Hasan ibn Jobir ar-Rayoniyni tayinlab, yangi vazirga Misr boshqaruvini topshirdi. Oʻzi esa Falastinga qaytib ketdi. Fotimiylar istilosi va taxtdan agʻdarilishi Koʻp oʻtmay, Ixshidiylar tuzumidagi beqarorlikdan foydalangan Fotimiylar Javhar as-Siqilliy rahbarligida hujum uyushtirdilar. 969-yil iyunida Fotimiylar qoʻshini Fustat ostonasiga yetib keldi. Ixshidiylar qoʻshinlari Fotimiylarni toʻxtatish uchun soʻnggi urinishni amalga oshirgandan soʻng, muvafaqqiyatsizlikka uchragach, butun Misr taslim boʻldi. Ahmad asir olinishi bilan Ixshidiylar sulolasi tugatildi. Biroq, uning amakisi boshliq Ixshidiylarning soʻnggi tarafdorlari Suriyaning janubiy qismlarini nazorat qilishda davom etishdi. Bu holat 970-yil bahorida Fotimiylar ularni magʻlub etgunga qadar davom etdi. Tarixchi al-Fargʻoniy Ibn Xallikonga tayanib maʼlumot berishicha, Ahmad 987-yil 13-iyulda vafot etgan. Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:Ixshidiy amirlar Turkum:Oʻrta asrlarning yosh monarxlari