Hamid Bey janubi-gʻarbiy Anadoludagi Hamidiylar sulolasining asoschi hukmdori edi. Hamid Bey qabilasi dastlab shimoliy Suriyada yashagan va keyinchalik Anadoluga koʻchib oʻtgan. U Rum Sultonligi xizmatida boʻlib, hukmdor Qayqubod Ining farzandlari va lashkariga harbiy tayyorgarlik boʻyicha saboq bergan. 1240-yilda Qayqubodning vorisi Kayxusrav II Hamid Beyga mahalliy chegara qoʻmondoni sifatida Isparta va Burdur atrofidagi yerlarni inʼom qildi. Moʻgʻul bosqinlari asta-sekin ushbu mintaqaga yetib keldi va Kayxusrav II 1243-yilda Köse Dogʻ jangida Moʻgʻullar imperiyasidan ogʻir magʻlubiyatga uchradi. Moʻgʻul imperiyasi boʻlinishi bilan Anadolu Huloku xon () tomonidan asos solingan Elxoniylar taʼsiriga tushdi. Hamid Bey Anadoluning gʻarbiy chegara hududlaridagi turli turkman hukmdorlari bilan birga 1290-yilda moʻgʻul hukmronligiga qarshi bosh koʻtardi. Hamid Burdur va Isparta atrofida mustaqil davlat tuzishga urindi va poytaxt sifatida Ispartani tanladi. Rum sultoni Masʼud II () bu qoʻzgʻolonlarni bostira olmagach, elxon Geyxatudan () yordam soʻradi. U esa Ashrafiylar boshqaruvidagi Beyshehir viloyatini, shuningdek Egridir, Isparta va qisman Burdur hududlarini talon-toroj qilib, qirgʻin amalga oshirdi. Navbatdagi elxon Gʼozon () Masʼud IIni taxtdan agʻdargach, Hamid siyosiy boʻshliqdan foydalanib, Isparta, Burdur, Egridir, Agros, Gönen, Parlais, Keçiborlu hamda poytaxtiga aylantirilgan qalʼali Uluborluni oʻz ichiga olgan hududda mustaqilligini eʼlon qildi. U yana oʻz mulklarini kengaytirib, Yalvach, Sharkikaraagʻach, Avshar, Sütçüler, Inchirli va Aʼgʻlasunni ham qoʻshib oldi.

Biroq 1299–1300-yillarda Hamid Uluborlu, Egridir va Burdurda Gʼozon nomidan tangalar zarb qilib, elxoniylar hokimiyatini tan oldi. Oʻsha yili u saljuq sultoni Kayqubod III () nomidan ham tanga zarb qildi. 1302–1303-yillarga oid shayx Koyungözü Baba nomidagi zaviyaning Gençali qishlogʻidagi vaqf bitiklari Hamid oʻsha yillarda tirik boʻlgan va Uluborluda yashagan boʻlishi mumkinligini koʻrsatadi. Shu yozuvlarda u , deb tilga olinadi. Bu unvonlar tarixan Rum sultonlariga xos boʻlgan. Shunga qaramay, Hamidning qachon vafot etgani va oʻsha yillarda tirik boʻlgan-boʻlmaganligi aniq emas, chunki turli manbalarda uning oʻlimiga XIII asr oxirida boʻlganligi qayd etiladi. Hamiddan soʻng Dündorning otasi Ilyos Bey hokimiyatni oʻz qoʻliga oldi. Uning islom ulamolaridan biri, Shayx Shikemga qilgan ehsonlari u Uluborludan turib hukmronlik qilganini koʻrsatadi. Ehtimol, u XIV asr boshlarida vafot etgan boʻlishi mumkin.

Izohlar

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:Hamidiylar hukmdorlari Turkum:XIII asr Yaqin Sharq hukmdorlari Turkum:Oʻlgan yili nomaʼlum boʻlgan kishilar