Emine Naciye Sulton (; 1896-yil 25-oktyabr — 1957-yil 4-dekabr) — Usmoniylar malikasi, sulton Abdulmajid I ning oʻgʻli Shahzoda Salim Sulaymonning qizi.
Yoshligi va taʼlimi
Naciye Sulton 1896-yil 25-oktyabrda Feriye saroyida tugʻilgan. Uning otasi sulton Abdulmajid I va Serfiraz xonimning oʻgʻli Shahzoda Salim Sulaymon, onasi esa Bargan-Ipa oilasidan boʻlgan abxaz millatiga mansub Oysha Tarziter xonim edi. U otasining ikkinchi farzandi va yagona qizi, onasining esa toʻngʻich farzandi boʻlgan. Uning oʻzidan 7 yosh kichik Shahzoda Mehmed Sharafiddin ismli tugʻishgan ukasi va Shahzoda Mehmed Abdulhalim ismli ota bir, ona boshqa akasi boʻlgan.
Ularning oilasi qishni Feriye saroyida, yozni esa Bebekda joylashgan Nisbetiyye qasrida oʻtkazgan.
Naciye xususiy taʼlim olgan. Uning birinchi ustozi Aynizoda Tahsin afandi boʻlib, unga alifboni oʻrgatgan. Ikkinchi ustozi Hofiz Ihsan afandidan koʻp yillar turk tili darslarini olgan. Soʻngra Naciyega Holid Ziyo Ushoqligil taʼlim bergan. Shuningdek, keyinchalik islom dinini qabul qilib, Odila ismini olgan, asl ismi Fraulein Funke ismli nemis ayolidan fransuz va turk tili saboqlarini olgan.
Naciye ulgʻaygach, musiqa darslarini ham ola boshladi. U pianino va skripka darslarini soz ustozi Udi Andondan oldi. Shuningdek, Braun ismli nemis oʻqituvchisidan skripka darslarini oʻrgangan, pianino boʻyicha ustozlari Lange va Hege edi. Naciye Sulton, ayniqsa, pianino darslarini va oʻzining pianino ustozi Hegeni juda yoqtirardi. Hege bir muddat Mekteb-i Harbiyyeda pianino oʻqituvchisi boʻlgan va oʻsha paytda Istanbulning eng mashhur pianinochilaridan biri sanalgan.
Naciyeni otasining birinchi ayoli Filişan xonim juda yaxshi koʻrgan boʻlib, u Naciyeni va uning farzandlarini oʻz farzandlaridek tarbiya qilgan. Filişan xonim Naciyega pianino kuylarini mashq qilishida ham yordam bergan.
Abdurrahimga unashtirilishi Sulton Abdulhamid II ning oʻgʻli Shahzoda Abdurrahim Xayriy nikoh yoshiga yetgach, otasi uni Naciye Sultonga uylantirishga qaror qildi. Biroq bu qaror Naciye va uning oilasiga darhol bildirilmagan. Ammo qarordan xabar topishgach, Naciye oʻshanda atigi 12 yoshda boʻlgani uchun otasi ham, onasi ham bunga qarshi chiqdi. Shunga qaramay, otasi akasiga qarshi bora olmadi va bu nikohga rozi boʻlishga majbur boʻldi. Shu tariqa Naciye Abdürrahimga unashtirildi.
Birinchi nikohi
Ismoil Anvar poshoning Misr malikasi Iffet bilan goʻyo ishqiy munosabatda boʻlgani haqidagi mish-mishlar tarqala boshladi. Bu gap Istanbulga yetib kelgach, Bosh vazir Husayn Hilmi posho Anvarning kuyovlikka munosib nomzodligidan foydalanib, Ittifoq va taraqqiyot qoʻmitasi bilan Usmoniylar sulolasi oʻrtasida yaqin munosabat oʻrnatishga qaror qildi. Sinchkovlik bilan olib borilgan izlanishdan soʻng Bosh vazir Anvarning boʻlajak rafiqasi sifatida Naciye Sultonni tanladi. Soʻngra bu qaror Anvarga ham Bosh vazir, ham Anvarning onasi tomonidan maʼlum qilindi. Anvar Naciyeni hech qachon koʻrmagan edi va u onasining maktublariga ishonmadi, chunki u onasining malikani kelin qilish gʻoyasiga oshufta boʻlib qolgan, deb gumon qilardi.
Shuning uchun u Turkiya parlamenti aʼzosi boʻlgan ishonchli doʻsti Ahmad Rizo beydan Naciye haqida bilib berishni soʻradi. Doʻsti boʻlajak kelinning taʼlimi va goʻzalligi, shuningdek, qilinadigan sepi haqida ijobiy fikr bildirgach, Anvar bu nikohga amaliy yondashib, kelishuvni qabul qildi. Naciye avvalroq Shahzoda Abdurrahim Xayriyga unashtirilgan edi. Biroq sulton Mehmed V bu unashtiruvni bekor qildi va 1909-yil aprelida Naciye atigi 12 yoshda boʻlganida uni oʻzidan 15 yosh katta Anvarga unashtirdi. Usmoniylarning eski hayot tarzi va anʼanalariga koʻra, Anvar Berlinda qolganligi sababli unashtiruv marosimi uning yoʻqligida oʻtkazildi.
Nikoh 1911-yil 15-mayda Dolmabahçe saroyida boʻlib oʻtdi va Shayx ul-islom Muso Kozim afandi tomonidan oʻqildi. Sultonning bosh kotibi Holid Ziyo Ushoqligil Naciye nomidan vakil boʻlib xizmat qildi, uning guvohlari esa saroy oshxonasining boshligʻi Gʻolib bey va sultonning shaxsiy shifokori Hoji Ahmad bey edi. Harbiy vazir Mahmud Shavkat posho Anvarning nomidan vakil boʻldi, uning guvohlari esa sultonning adyutanti Binboshi Refet bey va imperiya darvozaboshisi Ahsan bey edi. Toʻy esa taxminan 3 yildan soʻng 1914-yil 5-martda Nishontoshi saroyida boʻlib oʻtdi. Juftlikning yashashi uchun Kuruçeşmedagi saroylardan biri berildi. Ularning nikohi juda baxtli kechdi.
1917-yil 17-mayda Naciye toʻngʻich farzandi — qizi Mohpaykar Xonimsultonni dunyoga keltirdi. Uning ortidan 1919-yil 4-iyulda ikkinchi qizi Türkan Xonimsulton dunyoga keldi. Qizlarning ikkalasi ham Istanbulda tugʻilgan. Anvar Berlinda yashagan paytda Naciye hamda qizlari Mohpaykar va Türkan uning yoniga bordilar. Ularning oʻgʻli Sultonzoda Ali bey 1921-yil 29-sentyabrda Berlinda tugʻildi. Anvar Rossiya SSRga joʻnagach, uning oilasi oʻsha yerda qoldi. Anvar Rossiya SSRga ketganidan keyin Naciye uni hech qachon koʻrmadi. 1922-yil 4-avgustda Anvar vafot etgach, Naciye Sulton beva qoldi.
Xayriya ishlari 1912-yilda Istanbul va shahr atrofdagi jamoalarga tibbiy yordam koʻrsatish uchun 1877-yilda tashkil etilgan „Usmoniylar Hilol-i Ahmer jamiyati“ doirasida „Hilol-i Ahmer ayollar markazi“ tuzildi. 1914-yil fevralida tashkilot hamshira yordamchilari uchun kurs boshlanganini eʼlon qildi. Kurs juma va yakshanba kunlari har biri 2 soatdan iborat 18 ta darsdan tashkil topishi kerak edi. Mashgʻulotlarni Besim Umar va Akil Muxtor oʻtishi belgilandi. Kursda 40–50 nafar ayol qatnashdi va 5 oylik kurs yakunida 27 nafar ayol imtihonni muvaffaqiyatli topshirdi. Usmoniylar amaldorlarining taniqli xotinlari va qizlari boʻlgan bu 27 nafar ayol sertifikatlarini Naciye va uning onasi, shuningdek, sulton Mehmed VI ning birinchi rafiqasi Kamures Kadın ishtirokidagi marosimda qabul qilib oldilar.
1916-yil avgustda poytaxtda „Musulmon mehnatkash ayollar jamiyati“ tuzildi. Uning Istanbul, Pera va Üsküdarda uchta boʻlimi bor edi. Jamiyat prezidenti Naciye Sulton boʻlib, Anvarning oʻzi uning homiyi sifatida xizmat qildi. Naciye yetakchi sifatida qoʻmitaning ayollarni uy-roʻzgʻordan tashqaridagi hayotga integratsiya qilishdagi ishtirokini yaqqol koʻrsatardi. Jamiyat ayollarning mehnat sharoitlarini tartibga soldi va ularni turmush qurib, oila qurishga ragʻbatlantirdi.
Ikkinchi nikohi Anvar poshoning vafotidan soʻng Naciye Sulton 1923-yil 30-oktyabrda Berlinda uning ukasi Mehmed Komil poshoga turmushga chiqdi. Shundan soʻng Komil posho Damat boʻldi. 1924-yil martda Usmoniylar sulolasi vakillari surgun qilingach, Naciye va uning eri Fransiyaning Parij shahriga joylashdilar. Bu yerda 1926-yil 25-fevral kuni juftlikning yagona farzandi — qizi Rana Xonimsulton dunyoga keldi. 1933-yilda sulola vakillari surgun qilinganidan 9 yil oʻtib, Naciye Nice shahrida ukasi Shahzoda Mehmed Sharafiddin bilan uchrashdi. Ikkinchi Jahon urushi boshida Naciye va eri Shveysariyaning Bern shahriga koʻchib oʻtdilar. Naciye Sulton farzandlariga boʻlgan sogʻinchiga chiday olmadi. Uning qizlari Mohpaykar, Türkan va Ranani amakisi Nuri posho Shveysariyaga olib keldi. Ali esa oʻqishi sababli Istanbulda edi va bu yerga kela olmadi. 1943-yilda Mohpaykar va Türkan Istanbulga qaytib ketdilar. 1946-yilda urush tugagach, Naciye, eri va qizlari yana Parijga qaytdilar.
Naciye farzandlarining yaxshi taʼlim olishini taʼminladi. Uning toʻngʻich qizi Mohpaykar shifokor boʻldi, ikkinchi qizi Türkan esa kimyo boʻyicha oʻqishni tugatdi. 1946-yilda Türkan Hasan Tahsin Mayatepekning oʻgʻli, tashqi ishlar vaziri Hüveyda Mayatepekka turmushga chiqdi. Naciye qizining toʻyida qatnasha olmadi. Mohpaykar hamkasbi shifokor Fikret Urgüplüga turmushga chiqdi, Naciye bu toʻyda ham ishtirok eta olmadi. Naciyening oʻgʻli Ali Abdidin Daverning qizi Parizod xonimga uylandi. Soʻngra Naciye oʻgʻli bilan Londonga bordi, u yerda oʻgʻli aviatsiyada yongʻin xizmati yordamchisi boʻlib ishlagan. Oʻsha yerda ikki oy yashagach, Naciye qizi Türkanning yoniga Shveysariyaga ketdi.
Naciye 1949-yilda Komil posho bilan ajrashdi. Shundan soʻng u 1949-yil 22-sentyabrda Turkiyaga qaytdi va Vazirlar Kengashi qarori bilan Turkiya fuqaroligini oldi. Pasport va fuqarolik toʻgʻrisidagi qonun huquqiy boʻshliq yaratgan edi va Komil posho, ehtimol, bundan foydalangan. Naciye Sulton va uning oilasining ishlarini boshqarib turgan uning akasi Nuri Killigil 1949-yil 2-martda Istanbuldagi qurol zavodida sodir boʻlgan portlashda halok boʻldi. Komil posho xotini va uning oilasining ishlarini yuritish uchun Turkiyaga qaytishi kerak edi. Buni amalga oshirish uchun u qonunga muvofiq sulola bilan aloqalarini uzishi, yaʼni xotinidan ajrashishi lozim edi. Komil Naciye Sultondan ajrashdi va Turkiyaga qaytdi, biroq bu ajrim hujjatdagina edi, xolos. Buni, birinchidan, Naciye oʻz xotiralari va intervyularida ajrashuvni umuman tilga olmagani, ikkinchidan esa pasport qonuni kuchga kirgach, Turkiyaga qaytgan uning amakivachchasi Sabiha Sulton kundaligida Naciye va Komil posho 1952-yil 1-sentyabrda Istanbulda uning uyiga tashrif buyurganini yozgani tasdiqlaydi. Komil posho 1962-yilda vafot etgan.
Vafoti Naciye Sulton 1957-yil 4-dekabrda 61 yoshida Nishontoshida jigar saratonidan vafot etdi va vasiyatiga koʻra otasining yoniga, Yahyo afandi qabristonidagi Shahzoda Ahmad Kamoliddin maqbarasiga dafn etildi.
Mukofotlari Usmoniylar xonadoni ordeni 1-darajali Xayriya ordeni
Farzandlari Ism Tavalludi Vafoti Izohlar 1911-yil 15-mayda turmush qurgan Ismoil Anvar poshodan (1881-yil 22-noyabr – 1922-yil 4-avgust) Mohpaykar Xonimsulton 1917-yil 17-may 2000-yil 3-aprel Kuruçeşme saroyida tugʻilgan. Turmushga chiqqan va farzandli boʻlgan. Turkiyaning Istanbul shahrida vafot etgan va oʻsha yerda dafn etilgan. Türkan Xonimsulton 1919-yil 4-iyul 1989-yil 25-dekabr Kuruçeşme saroyida tugʻilgan. Turmushga chiqqan va farzandli boʻlgan. Turkiyaning Anqara shahrida vafot etgan va oʻsha yerda dafn etilgan. Sultonzaoda Ali Bey 1921-yil 29-sentyabr 1971-yil 2-dekabr Germaniyaning Berlin shahrida tugʻilgan. Turmush qurgan va farzandli boʻlgan. Avstraliyada vafot etgan. 1923-yil 30-oktyabrda turmush qurgan Mehmed Komil poshodan (1949-yilda ajrashishgan; 1962-yilda Mehmed Komil vafot etgan) Rana Xonimsulton 1926-yil 25-fevral 2008-yil 14-aprel Fransiyaning Parij shahrida tugʻilgan. Turkiyaning Istanbul shahrida vafot etgan. 1949-yil 25-iyulda Sadi Eldemga turmushga chiqib, Ceyda Eldem (1952-yil 1-mart — 2014-yil avgust) va Necla Eldem (1954-yil 24-mart — 1964) ismli ikki qiz va Edhem Eldem (1960-yil 2-mart) ismli oʻgʻil koʻrgan. Edhem Eldem 1983-yil 2-sentyabrda Zeynep Sedef Torunoglu bilan turmush qurgan va ularning Simin Eldem (1987-yil 2-yanvar) ismli qizi boʻlgan.
Nasabi
Manbalar
Adabiyotlar
Turkum:1896-yilda tugʻilganlar Turkum:1957-yilda vafot etganlar Turkum:19-asr Usmoniylar imperiyasi malikalari Turkum:20-asr Usmoniylar imperiyasi malikalari