Ozarbayjon adabiyoti — Ozarbayjon tilida yozilgan adabiyotga yoki Ozarbayjon yozuvchilari, shoirlari yoxud ozarbayjonlik muhojirlar tomonidan yozilgan adabiyotga taalluqlidir.

Ilk oʻrta asrlar Kavkaz Albaniyasi tilida mahalliy yozuv va adabiyotning paydo boʻlishi, xuddi armanlar va gruzinlarda boʻlgani kabi, mamlakatning nasroniylashuvi bilan bogʻliq edi. Diniy adabiyotning alban tiliga birinchi tarjimalari suriyoniy tilidan qilingan. Albanlarning oʻz ona tillarida yozuv va adabiyotga ega boʻlishi obyektiv tarixiy zaruratdan kelib chiqardi. Ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy sharoit Albaniyaning oʻz adabiyoti shakllanishi uchun zamin yaratgan edi. V asr boshida oromiy grafikasi asosida alban yozuvi — alifbosi takomillashtirildi. Antik mualliflarga koʻra, albanlar hali eramizdan avvalgi I asrda oʻz yozuvlaridan foydalanganlar. V asr boshlarida takomillashtirilgan 52 fonemali alban alifbosi hushtaksimon va boʻgʻiz tovushlariga boy edi.

Aynan shu davrda alban hukmdori Yesuagenning, alban patriarxi Iyereminening yordami bilan "Tavrot" va "Injil"ning, "Liturgiya" (nasroniylarning asosiy ibodat marosimi) va boshqa diniy kitoblarning tarjimasi boʻyicha muvaffaqiyatli ishlar amalga oshirildi. V–VII asrlar alban yozuvining gullab-yashnash davri hisoblanadi. Ilk alban adabiyoti qulay tarixiy-madaniy sharoitda shakllandi. Adabiyotning rivojlanishi natijasida qiziqish doirasi kengaydi, bu esa oʻz aksini turli janrlarda topdi: agiografik asarlar, tarixiy xronikalar, huquqiy hujjatlar — cherkov qonunlari va dunyoviy qonunlar paydo boʻla boshladi. V–VI asrlarda siyosiy sabablar tufayli adabiyotda ellinparast yoʻnalish sezilib turadi. Davrning alban adabiy anʼanalariga bizgacha yetib kelgan quyidagi tarixiy narrativ manbalar tegishli: Moisey Kalankatlining "Alban mamlakati tarixi", VII asr shoiri Davdakning elegiyasi, alban huquqiy manbalari boʻlgan cherkov qonunlari (V asr Akuen cherkov majlisining qonunlari va Simeonning qonuni nomi bilan tanilgan 705-yilgi Partav majlisi qonuni).

VII–XII asrlarda shakllangan alban adabiyoti madaniy-mafkuraviy kurashda islomlashuv va grigorianlashuvga, oxir-oqibat esa armanlashuvga qarshi keskin zaiflashdi. Biroq shunga qaramay, IX–XII asrlarga oid alban xachkarlarida (xoch toshlarida) mahalliy alban madaniyatining anʼanaviy unsurlari — dunyoviy syujetlar hamon aks etadi, kichik taqvim hali ham qoʻllanilardi.

Arab bosqini natijasida Xalifalik tarkibiga qoʻshilgan barcha mamlakatlarda boʻlgani kabi, VIII asr boshlaridan Ozarbayjonda ham rasmiy davlat tili arab tili boʻlishi, bu tilning tobe etilgan xalqlarning muloqot vositasiga aylanishi, tez orada uning adabiy-ilmiy ijodda ham hukmron tilga aylanishiga olib keldi.

Yozma adabiyotga kirish (IX asr) Adabiyotda "shuubiylik" — "xalqchilik" tamoyillari islomgacha boʻlgan mahalliy madaniy anʼanalarni arab madaniyati doirasiga kiritish yoʻli bilan saqlab qolish urinishida namoyon boʻlardi. Shunday qilib, Ozarbayjon barcha musulmon dunyosida yuz koʻtargan va VIII asrning ikkinchi yarmida ayniqsa kengaygan bu siyosiy-diniy kurash arab-musulmon adabiyotining yangi davri bilan chambarchas bogʻliq edi.

Ozarbayjonning eng ilk arab tilida ijod qilgan shoir va adiblarining ijodi VII–VIII asrlar chegarasiga toʻgʻri keladi. Ikki madaniyat — oʻz milliy Ozarbayjon va arab madaniyati vakili boʻlgan bu shoirlardan Ismoil ibn Yasar, shuningdek uning oʻgʻli Ibrohim va ukasi Muhammad haqida IX–X asrlarda yashagan va ijod qilgan arab filologlari Ibn Qutayba, Abul-Abbos al-Mubarrad, Muhammad al-Marzubaniy va eng koʻp Abul-Faraj al-Isfahoniy hamda boshqalarning asarlarida maʼlumot beriladi. Zamonaviy tadqiqotchilar baʼzan "eronlik" deb hisoblaydigan bu shoirlarning kelib chiqishi jihatidan Ozarbayjondan ekanligi ishonchli manba sifatida baholanadigan Ibn Qutaybaning maʼlumoti bilan tasdiqlanadi.

X–XII asrlar arab-musulmon madaniyati, jumladan uning muhim tarkibiy qismi boʻlgan adabiyot tarixidagi eng samarali davrlardan biri sifatida baholanadi. Bu madaniyatning yaratuvchilaridan boʻlgan Ozarbayjon ziyolilari koʻplab sohalarda boʻlgani kabi, adabiyot sohasida ham katta yutuqlarga erishib, arab va fors tillarida yozgan ilmiy-badiiy asarlari bilan davrning umumislomiy madaniyatini eng yuqori darajaga koʻtara olgan edilar.

Uygʻonish davri Ozarbayjon adabiyoti (XII asr) XII asr Ozarbayjonda fors tilidagi sheʼriyatning yuksalish davri hisoblansa-da, arab tilidagi adabiyot hamon oʻz mavqeini saqlab qolgan va hatto mohir qalam ustalari timsolida oʻziga qizgʻin tarafdorlar topa olgan edi. Asosan forscha yozgan koʻzga koʻringan Ozarbayjon shoirlari Xoqoniy Shirvoniy va Mujiriddin Baylaqoniy oʻz ijodlarida arab tilidan ham foydalanganlar. XII asrda Ozarbayjon xalqi arab tilidagi adabiyotga Shihobiddin Yahyo Suhravardiy kabi koʻzga koʻringan shaxslarni bagʻishlagan.

Ozarbayjonning yirik mutafakkirlaridan biri boʻlgan Shihobiddin Yahyo Suhravardiy falsafiy risolalardan tashqari poetik devon ham yaratgan edi. Uning sheʼriy ijodi arab tilidagi Ozarbayjon poeziyasi bilan chambarchas bogʻliq edi. Lirizm, hasrat va ilojsizlik kayfiyati, laqonizm Suhravardiy poeziyasining asosiy xususiyatlaridandir.

XII asrning mashhur shoiri va adabiyotshunosi Nizomiy Aruziyning fikricha, shohlar va sultonlar oʻz hokimiyatlarini mustahkamlash va nufuzlarini xalqlar orasida oshirish uchun oʻz saroylarida istedodli shoirlarni saqlashi, ularni istagancha tarbiyalashi, mazkur shoirlarning tili va qalami vositasida oʻz istak va orzularini targʻib qilishi lozim edi. Saroy adabiyoti keng yoyilgan bu davrda Qatron Tabriziy ham dastlab Ganjada, Shaddodiylar saroyida, soʻngra esa Naxchivonda, naxchivonshoh Abu Dulafning saroyida yashagan. Aynan shuning uchun uning ijodining bu davrida hukmdorlarni madh etuvchi qasidalar asosiy oʻrin egallagan. Qatron katta madhiyalar toʻplamidan tashqari bizgacha yetib kelmagan "Qavsnoma" (yoki "Qushnoma") masnaviysining va "At-Tafosir" ("Tafsirlar") nomli fors tilining birinchi izohli lugʻatining muallifidir.

XII asrning boshlaridan boshlab Ozarbayjon adabiyotining Abul-Ula Ganjaviy, Falakiy Shirvoniy, Izziddin Shirvoniy kabi mashhur soʻz ustalari bu adabiyotning boy xazinasiga yangi uslub, yangi ohang olib kelib, Ganja va Shirvonda faoliyat koʻrsatgan Ozarbayjon adabiy maktabining asosini qoʻyadilar. Bu maktabda adabiy sanʼat bilan real hayot oʻrtasidagi bogʻliqlikni, uygʻunlikni ifodalovchi, Rudakiydan boshlab Firdavsiy va boshqa shoirlar, jumladan Qatron Tabriziy tomonidan rivojlantirilgan fors tilidagi sheʼriyatning Xuroson-Turkiston uslubidan (sabkidan) farqli oʻlaroq yangi poetik"sabki tamtaraqiy" nomli Ozarbayjon uslubi yaratildi.

Adabiy merosidan faqat bir necha sheʼr saqlanib qolgan Abul-Ula Ganjaviy oʻz davrining hukmdorlarini vasf etsa-da, XI asr oxiri, XII asr birinchi yarmida epik janrni rivojlantirgan buyuk fors shoiri Sanoiy (1050–1140) poeziyasining ilgʻor anʼanalari bilan bogʻliq boʻlib, Ozarbayjon adabiyotida ijtimoiy-falsafiy sheʼriyatning ilk namunalarini yaratgan. Abul-Uladan soʻng Shirvon adabiy maktabini shoirning eng bilimli va istedodli shogirdi, kuyovi Afzaliddin Xoqoniy (1126–1199) boshqara boshladi. Vaqtida aynan Abul-Ula, Xoqoniyni Shirvonshoh III Buyuk Manuchehrga (1120–1160) tanishtirgan va unga "Xoqoniy" taxallusini bergan edi. Xoqoniy oʻz ijodi bilan Yaqin va Oʻrta Sharq xalqlarining badiiy tafakkur tarzida yangi bir bosqich ochdi. U davrning fors tilidagi Ozarbayjon poeziyasiga yangi uslub, tantanali obrazlar, yorqin taʼshbihlar, ifodalar, badiiy tasvir vositalari, murakkab radif va qofiyalar, kamyob soʻzlar va terminlar, soʻz oʻyinlari olib kelib, sheʼr sanʼatida soʻz ustaligi kabi estetik konsepsiya yaratdi.

XII asr Ozarbayjon poeziyasining qiziqarli va eng koʻp bahs-munozara uygʻotgan siymosi shoira Mahsati Ganjaviydir. Fors tilida, asosan rubaiy janrida yozgan Mahsatining sheʼrlarining aksariyat qismi Ganja muhiti bilan bogʻliq. Ijodida muhabbat lirikasi asosiy oʻrin tutgan Mahsatining rubaiylari dunyoviyligi, insonparvarligi, optimizmi bilan ajralib turadi. Aynan undan soʻng Ozarbayjon sheʼriyatida rubaiychilik keng rivojlanish yoʻliga qadam qoʻyadi. Ozarbayjonlik rubaiychilar orasida ayol sanʼatkorlarning — Raziyya Ganjaviy kabi shoiralarimizning yetishib chiqishi Mahsati taʼsiri va ijodining eng katta yutuqlaridan biri sifatida baholanishi mumkin.

Ozarbayjonning fors tilidagi poeziyasining "oltin asri"ning koʻzga koʻringan shoirlaridan biri, Xoqoniyning shogirdi, mohir madhiyachi-shoirlardan boʻlgan Mujiriddin Baylaqoniy edi. Shirvon adabiy muhitining yetishtirmasi boʻlgan bu shoir qasidalarining aksariyatini oʻziga homiylik qiluvchi Ozarbayjon otabeklari sulolasi vakillariga va II Tugʻrulning oʻgʻli sulton Arslonshohga bagʻishlagan. Uning lirikasida cheksiz iroda va gʻurur, oʻzining va boshqalarning ijodiga nisbatan talabchanlik hukmron edi.

thumb|Nizomiy Ganjaviyning Ganja shahrida 1946-yilda oʻrnatilgan haykali

Bu davrda Nizomiy Ganjaviyning nomi alohida tilga olinadi. Nizomiy oʻz davrining bilimlari majmuiga ega edi. Falsafiy adabiyot, astronomiya va astrologiya, geografiya va kosmografik adabiyot, maʼlum darajada matematika, fizika va kimyo bilan tanish edi. Uning asarlarida juda qimmatli tibbiy, biologik, tabiiy-ilmiy maʼlumotlarga duch kelinadi. Nizomiy "Xamsa"si bilan sheʼr sanʼatini saroylardan va madhiyachilikdan uzoqlashtirib, badiiy adabiyot yaratdi. U insonni oʻzining qahramoniga aylantirib, uning his-tuygʻulari, hissiyoti va fikrlarini, orzu-istaklarini kuylagan. Shaxsiyat, uning hayoti, mohiyati, tafakkur tarzi va falsafasi Nizomiyni oʻylantirgan, uning poemalarining asosiy chizigʻini tashkil etgan mavzular edi. Nizomiy asarlarida mahorat, shakl va mazmun birlikda boʻlib, bir-birini toʻldirardi. Nizomiy ijodi Sharq xalqlari adabiyotining rivojlanishiga katta taʼsir koʻrsatgan. Uning asarlari oʻrta asr madrasalarida asosiy darslarning bir qismi boʻlgan, shoirlar, adiblar va talabalar ulardan ilm oʻrgangan, ularni yodlagan.

Amir Xusrav Dehlaviyni, Imod Kirmoniy, Abdurahmon Jomiyni, Alisher Navoiyni, Muhammad Fuzuliyni va boshqalarni Nizomiy maktabining davomchilari deb hisoblash mumkin.

XII asrning Ozarbayjon shoirlari va nosirlari orasida Ganja adabiy maktabining yana bir vakili, Nizomiy Ganjaviyning dosti Abubakr ibn Xusrav al-Ustod alohida eʼtiborni tortadi. Uning "Munisnoma"sining noyob qoʻlyozmasi hozirda Londondagi Britaniya muzeyida saqlanadi va hozircha Abubakr ibn Xusravning hayoti, ijodi haqidagi yagona maʼlumot manbaidir. Bu maʼlumotga koʻra, shoir Ozarbayjon otabeklariga xizmat qilgan, yosh shahzodalarning muallimi va tarbiyachisi boʻlgan, asarlarini Ozarbayjon otabeklari Jahon Pahlavonga, Qizil Arslonga va Otabek Abu Bakrga bagʻishlagan.

Oʻrta asrlar Ozarbayjon adabiyoti (XIII–XVI asrlar) XIII–XV asrlarda Ozarbayjon adabiyoti juda ogʻir sharoitda rivojlangan. XIII–XV asrlar saroy adabiyoti, qasida sheʼriyati nisbatan zaiflashgan davr hisoblanadi. Imodiddin Nasimiy kabi koʻzga koʻringan shoirlar ijodning gʻoyaviy yoʻnalishi jihatidan saroy adabiyotiga, madhiyachilikka begona edilar. Biroq Zulfiqor Shirvoniy, Orif Ardabiliy kabi shoirlar saroy sheʼriyati anʼanalarini davom ettirardilar.

XIV asrda Ozarbayjon sheʼriyati nisbatan tezroq rivojlanardi. Bu asr adabiyoti mazmun jihatidan ham oldingi asrlarning adabiy namunalaridan farq qilardi. Oʻsha davrda hayotni kengroq aks ettiruvchi epik dostonlar paydo boʻlgan edi. Bu asarlarda yaratilgan hayot lavhalari, inson siymolari poeziyaning mistikadan uzoqlashayotganini, uning hayot bilan aloqalarining kuchayayotganini koʻrsatadi. Orif Ardabiliyning "Farhodnoma"si va Assor Tabriziyning "Mehr va Mushtariy" nomli poemasi bu xususiyatlarni yorqin tarzda aks ettiruvchi asarlardir.