Ruqayya bint al-Husayn () islom paygʻambari Muhammadning chevarasi va Husayn ibn Alining qizi boʻlgani aytiladi. Husayn va uning kichik tarafdorlaridan iborat guruh 680-yilda Karbalo jangida Umaviy xalifa Yazid I ning buyrugʻi bilan shafqatsizlarcha qirgʻin qilingach, ularning ayollari va bolalari asir olinib, poytaxt shahar Damashqqa olib ketilgan. Aytishlaricha, Ruqayya taxminan 3 yoshida, ehtimol, uni asir olganlarning unga boʻlgan shafqatsiz munosabati oqibatida vafot etgan. Damashqdagi Sayyida Ruqayya masjidi shialik mazhabiga eʼtiqod qiluvchilarning mashhur ziyorat maskani hisoblanadi.

Ota-onasi Baʼzi tarixchilar, jumladan, sunniy olim Ibn Saʼd va Balozuriy, shuningdek, Oʻn ikki imom tarixchilari al-Mufid va at-Tabarsiy Husayn ibn Alining Fotima va Sakina ismli faqat ikki qizi boʻlganini sanab oʻtgan. Baʼzi mualliflar, jumladan, Oʻn ikki imom tarixchisi Ibn Shahrashub va Imodiddin at-Tabariy esa uning Zaynab ismli uchinchi qizi ham boʻlganini taʼkilagan. Bundan tashqari, shia tarixchisi Bahouddin al-Irbiliy va sunniy olim Ibn Talha Shofeʼiy Husaynning toʻrt qizi boʻlgani haqida maʼlumotlar qayd etgan. Ibn Talha Shofeʼiy Husaynning toʻrt qizidan va uch nafarining ismlarini qayd etgan boʻlib, ularning ismlarini Fotima, Sakina va Zaynab deya keltirgan. Mashhur qomusiy olim Ibn Fondoq qizlarning ismini Fotima, Sakina, Zaynab va Ummu Kulsum deya qayd etgan. Shuningdek, olim Zaynab va Ummu Kulsumning bolalikda vafot etganini taʼkidlagan. Ibn Fondoq yana bir manbada Husayndan faqatgina Fotima, Sakina va Ruqayya ismli qizlari qolganini yozgan. Bu esa Ruqayya Ummu Kulsum bilan ayni bir shaxs boʻlishi mumkinligini anglatadi. Shunday qilib, Fotima va Sakina haqidagi maʼlumotlar manbalarda deyarli bir xil boʻlsa-da, qolgan qizlar borasida tarixiy manbalar bir-biridan farq qiladi. Ayrim manbalarda Ruqayya Husaynning qizlari qatorida sanaladi, boshqalarida esa uning oʻrniga Ummu Kulsum nomi tilga olinadi.

Bu ism Husaynning jang maydoniga soʻnggi bor yoʻl olishidan oldin oilasi bilan xayrlashgan paytda aytgan soʻzlari haqidagi ayrim rivoyatlarda ham uchraydi. Biroq Oʻn ikki imomga eʼtiqod qiluvchi shia olimi M. Rayshahriy bu yerda Husaynning qizi emas, balki uning amakivachchasi Ali ibn Abu Tolibning qizi Ruqayya bint Ali nazarda tutilgan boʻlishi mumkinligini yozgan. U Ruqayya bint Ali Husaynning Kufa ahliga yuborgan va keyinchalik oʻldirilgan elchisi Muslim ibn Oqilning rafiqasi boʻlganini qayd etgan. Ruqayya ismi, shuningdek, Jaʼfar as-Sodiqning sahobasi boʻlgan Sayf ibn Umayra Naxaʼiyga nisbat beriladigan Husayn haqidagi sheʼrda ham ikki marta uchraydi. Biroq ushbu sheʼr haqiqatan ham Sayf ibn Umayraga tegishli ekanligi aniq emas. Hozirgi kungacha Ruqayyaning onasi haqida juda kam maʼlumot saqlanib qolgan. Karbalo voqeasidan koʻp oʻtmay vafot etgan Husaynning farzandi esa ayrim manbalarda Sakina deb ham koʻrsatiladi.

Vafoti

Husayn milodiy 680-yilda Umaviy xalifa Yazid ibn Muoviyaning hokimiyatga kelishini qoraladi. Yazidning vakillari undan bay’at qilishni talab qilgach, Husayn Madinani tark etib, Makkaga yoʻl oldi, keyinchalik esa oilasi va oz sonli tarafdorlari bilan Kufa tomon yoʻlga otlandi. Biroq ular Kufa shahri yaqinida Umaviy qoʻshinlari tomonidan toʻxtatib qolindi va qirgʻin qilindi. Umaviylar qoʻshini dastlab ularni bir necha kun qurshab olib, yaqin atrofdagi Furot daryosidan suv olish imkoniyatidan ham mahrum qilishdi. Jangdan keyin ayollar va bolalar asir olinib, Kufa, soʻng poytaxt Damashqqaga olib ketildi. Husaynning qizlaridan birining asirlikda vafot etgani haqidagi eng qadimgi maʼlumot Imodiddin at-Tabariyning „Komil al-Baho“ asarida uchraydi. Biroq muallif bu qizning ismini keltirib oʻtmagan. Uning yozishicha, ayollar Husaynning vafot etganini yosh bolalardan yashirib kelgan. Ular Yazidning saroyiga olib kelinganidan keyin bir kuni kechasi Husaynning toʻrt yoshli qizi yigʻlab uygʻonadi va otasini soʻraydi. U tushida otasini gʻamgin va iztirob chekayotgan holda koʻrganini aytadi. Ayollarning yigʻisi saroydagi Yazidni uygʻotib yuboradi. Yazid oʻz odamlaridan nima sababdan saroyda yigʻi boʻlayotganini soʻrab biladi va Husaynning boshini bolaga olib kelib koʻrsatishni buyuradi. Bu voqea qizga qattiq ruhiy zarba beradi va u kasallanib, bir necha kundan keyin vafot etadi. At-Tabariy ushbu maʼlumotlarni yozishda sunniy olim Qosim ibn Muhammad ibn Ahmad al-Maʼmuniyning bugungi kungacha yetib kelmagan „Al-Hoviya fi masalib Muoviya“ asaridan foydalangan.

Soʻfiy olim Husayn Koshifiy oʻzining shahidlar haqidagi „“ asarida shunga oʻxshash voqeani qayd etgan. Biroq u ham bu bolaning ismini keltirmagan. Koshifiy ushbu maʼlumotni Najmiddin Qosim Madmakiniyning dastlabki toʻrt xalifa, Husayn va uning akasi Hasan haqida yozilgan „Kanz al-gʻaroyib fi qasos al-ajoyib“ asaridan olgan. Ikki rivoyat oʻrtasidagi asosiy farq shundaki, Koshifiy keltirgan keyingi rivoyatda bola oʻsha kechaning oʻzida vafot etadi. Keyingi davr manbalarida ham aynan shu variant bayon qilinadi. Keyingi ayrim manbalarda esa qizning ismi Ruqayya yoki Zubayda deb koʻrsatilgan. Qojarlar davrida Karbalo voqealarini marosimlarda yod etish jarayonida keng tarqalgan rivoyatlardan biriga koʻra, Ruqayya tushida otasini koʻrgan va uning yoniga borishiga ruxsat berilishini soʻrab duo qilgan. Oradan koʻp oʻtmay u vafot etgan. Uning vafoti shahidlikning bir koʻrinishi sifatida qaralgan va shu orqali u Umaviylar qoʻlida boshdan kechirgan azob-uqubatlardan xalos boʻlgan, deb eʼtiqod qilingan. Ayrim zamonaviy manbalarda esa Damashqda asirlikda vafot etgani aytiladigan Husaynning bu yosh qizi Sakina deb koʻrsatiladi.

Ziyoratgoh

Damashqdagi bir ziyoratgoh koʻpincha Ruqayya bilan bogʻlanadi. Oʻn ikki imom taʼlimotiga mansub mualliflar Muhammad Hoshim Xurosoniy (vafoti: 1933–1934-yillar) va Muhammad Hoiriy Karakiy (milodiy 1548-yilda tirik boʻlgan) ham shu fikrni qoʻllab-quvvatlagan. Biroq ayrim tarixchilar bu ziyoratgoh Husaynning bosh qismi dafn etilgan joy deb hisoblagan. Jumladan, sunniy tarixchilar Ibn Kasir (vafoti: 1373-yil) va az-Zahabiy (vafoti: 1348-yil) ham shu fikrni bildirgan. Yana ayrimlar manbalarda esa bu joy Husaynning qarindoshi Ruqayya bint Alining qabri sifatida koʻrsatiladi. Biroq Ruqayya bint Alining qabri Qohirada joylashgan boʻlishi mumkin, degan qarash ham mavjud. Shuningdek, baʼzi manbalarda guvohlarning maʼlumotlari ham keltiriladi. Ularning aytishicha, bu qabr aslida yosh qizaloqning qabri boʻlgan. Ziyoratgoh taʼmirlanayotgan paytda uning jasadi qabrdan chiqarilib, boshqa joyga qayta dafn etilgan. Shu sababli tarixchi Reyshahriyning fikricha, ziyoratgoh aynan Ruqayya bint Husaynga tegishli ekanligi aniq emas. Shunga qaramay, u bu joy Ahl ul-Bayt, yaʼni Muhammad paygʻambar xonadoni bilan bogʻliq ekaniga ishonadi. Shialarning mashhur ziyoratgohlaridan biri boʻlgan ushbu maqbara Damashqdagi Umaviylar masjidining shimolida joylashgan Suq al-Imora bozori hududida joylashgan. Manbalarda ziyoratgoh XV asrdayoq bir necha bor qayta qurilgani va kengaytirilgani haqida maʼlumotlar saqlanib qolgan. Hozirgi bino taxminan 1991-yilda qurib bitkazilgan. Unda Suriya va Eron meʼmorchiligi uslublari uygʻunlashgan boʻlib, binoni bezashda koʻzgular, koshinlar va oq toshlardan keng foydalanilgan.

Yana qarang

Manbalar

Adabiyotlar

Turkum:Muhammadning oilasi Turkum:Karbalo jangi Turkum:676-yilda tugʻilganlar Turkum:7-asr arab ayollari Turkum:7-asr arab shaxslari Turkum:Urushlarda halok boʻlgan bolalar