Panglima Kinta masjidi () — Malayziyaning Perak shtati Ipoh shahrida joylashgan masjid. 1898-yilda oʻsha paytda Kinta hukmdori (Panglima Kinta) boʻlgan Datoh Panglima Kinta Muhamad Yusuf bin Lassam tomonidan shu yili vafot etgan rafiqasi Saida binti Chik xotirasiga bagʻishlab bunyod etilgan. 2012-yilda madaniy meros obyekti sifatida rasman roʻyxatga olingan.
Tarixi Masjid majmuasi Kinta daryosi yaqinida 45,000 kvadrat fut maydonni egallagan yer uchastkasida barpo etilgan. Qurilish ishlariga 15,000 dollar mablagʻ sarflangan. Ilgari masjid mahalliy aholi orasida islom dini targʻib qilinadigan markazlaridan biri boʻlgan.
Bir necha yil oʻtgach, masjid majmuasida qoʻshimcha inshootlar barpo etilgan. Xususan, Panglima Kinta oilasi aʼzolari uchun qabriston va masjid hududida dars mashgʻulotlari oʻtkaziladigan madrasa tashkil etilgan. Keyinchalik tahorat olish joyi, binoning oʻng tomonida joylashgan „balai lintang“ nomli zal, qabriston hamda masjid xodimlari uchun turar joy ham qurilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, Misrdan kelgan Shayx Tholji ismli ustoz shu yerda yashagan va mahalliy aholiga Qur’on oʻqishni oʻrgatishda o'z hissasini qoʻshgan. Vafotidan soʻng Shayx Tholji masjidning orqa hovlisida joylashgan Datuk Panglima Kinta oilaviy maqbarasiga dafn etilgan.
Masjid 2012-yilda Milliy meros departamenti tomonidan madaniy meros obyekti sifatida rasman roʻyxatga olingan.
Meʼmorchiligi Panglima Kinta masjidi qurilishida asosan g‘isht va ohakli suvoq ishlatilgan. Binoning tashqi qismi oq rangga bo‘yalib, ko‘k chiziqlar bilan bezatilgan.
Masjid me’morchiligida mustamlaka davri uslubi Boburiylar me’morchiligi va Rim hamda Yunon me’morchiligiga asoslangan neoklassitsizm unsurlari bilan uyg‘unlashgan. Bino to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida qurilgan bo‘lib, uzunligi taxminan 40 metr, eni esa 25 metrni tashkil etadi. Kvadrat shakldagi namozxona o'zining ikki qavatli piramidasimon tomi bilan ajralib turadi.
Masjidning old tomonida ayvon bo‘lib, ikki yonida minoralar qad rostlagan. Minoralar tepasiga kichik gumbazchalar o‘rnatilgan. Har bir minora besh qismga bo‘lingan bo‘lib, bu islomning besh arkonini ramziy ifodalaydi.
Masjidning asosiy namozxonasi 400 kishini sig‘dira oladi. Namozxonlar ko‘paygan paytlarda, ayniqsa, juma namozida yo‘laklarda qo‘shimcha 200 kishi namoz o‘qishi mumkin.
Galereya
Yana qarang Malayziyada islom Janubi-Sharqiy Osiyoda islom
Manbalar
Havolalar
Turkum:1890-yillarda qurib bitkazilgan masjidlar Turkum:Perakdagi masjidlar Turkum:Kinta tumani