Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi (inglizcha: Ministry of Communications and Information Technology, MCIT) — Misrda aloqa va axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish, davlat siyosatini amalga oshirish hamda ushbu yoʻnalishdagi loyihalarni muvofiqlashtirish uchun masʼul davlat organi. Vazirlik 1999-yil 1-oktyabrda tashkil etilgan. Mamlakatdagi axborot jamiyatini shakllantirish va raqobatbardosh axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini rivojlantirish kabi sohalarga rahbarlik qiladi.

Vazirlik davlatning axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi reja va strategiyalarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirish, elektron hukumat xizmatlarini rivojlantirish, telekommunikatsiya infratuzilmasini kengaytirish hamda raqamli iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlash bilan shugʻullanadi. Unga Bosh vazir tomonidan nomzodi koʻrsatiladigan va Vazirlar Mahkamasi tarkibiga kiruvchi aloqa va axborot texnologiyalari vaziri rahbarlik qiladi. 2026-yil fevral oyidan ushbu buyon lavozimni Raafat Hindiy egallab kelmoqda.

Tarixi

1999-yil sentyabr oyida Misr hukumati aloqa va axborot texnologiyalari sohasini rivojlantirish boʻyicha milliy dasturni ishga tushirdi. Dasturning asosiy maqsadi mamlakatda axborot jamiyatini shakllantirish, shuningdek, raqobatbardosh va eksportga yoʻnaltirilgan axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sanoatini rivojlantirishdan iborat edi. Ushbu dasturni amalga oshirish uchun 1999-yil 1-oktyabrda Aloqa va axborot texnologiyalari vazirligi tashkil etildi.

Vazirlikning ilk rahbari Ahmad Nazif boʻlgan. U 2004-yilgacha ushbu lavozimda ishlagan. Vazirlik dastlab milliy aloqa va axborot texnologiyalari rejasini ishlab chiqishga kirishdi. 2000-yil yanvar oyida Vazirlar Mahkamasi ushbu rejani maʼqullab, uni amalga oshirish vazifasini vazirlik zimmasiga yukladi. Reja taʼlim, sogʻliqni saqlash, davlat boshqaruvi va iqtisodiyot kabi sohalarda axborot texnologiyalaridan foydalanishni kengaytirishga qaratilgan edi.

Keyingi yillarda vazirlik telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish, internet xizmatlarini kengaytirish, davlat idoralarida raqamli texnologiyalarni joriy etish va mahalliy axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirdi. Shuningdek, uning faoliyati doirasida kadrlar tayyorlash, raqamli xizmatlar eksportini oshirish va xorijiy investitsiyalarni jalb etish yoʻnalishlari ham rivojlantirildi.

Vazirlar

Quyida vazirlik tashkil etilganidan buyon uning rahbarlari roʻyxati keltirilgan.

+ Aloqa va axborot texnologiyalari vazirlari Ismi Lavozimda ishlagan davri Ahmad Nazif 1999-yil oktyabr — 2004-yil iyul Toriq Komil 2004-yil iyul — 2011-yil fevral Majid Usmon 2011-yil fevral — 2011-yil iyul Muhammad Solim 2011-yil iyul — 2012-yil avgust Hani Mahmud 2012-yil avgust — 2013-yil yanvar Otif Hilmiy 2013-yil yanvar — 2015-yil mart Xolid Najm 2015-yil mart — 2015-yil sentyabr Yosir al-Qodiy 2015-yil sentyabr — 2018-yil iyun Amr Tolaat 2018-yil iyun — 2026-yil fevral Raafat Hindiy 2026-yil fevral — hozirgacha

2026-yil 11-fevralda Raafat Hindiy Aloqa va axborot texnologiyalari vaziri etib tayinlandi. Bungacha u vazirlikda infratuzilma va raqamli transformatsiya boʻyicha vazir oʻrinbosari lavozimida ishlagan.

Tarkibidagi va unga qarashli tashkilotlar

Vazirlik Misrning aloqa va axborot texnologiyalari sohasida faoliyat yurituvchi bir qator davlat tashkilotlari va muassasalari bilan hamkorlik qiladi. Ular telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish, sohani tartibga solish, kadrlar tayyorlash, pochta xizmatlari va axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirish bilan shugʻullanadi.

Misr telekommunikatsiya kompaniyasi

Misr telekommunikatsiya kompaniyasi (Telecom Egypt) mamlakatdagi asosiy telekommunikatsiya operatorlaridan biridir. Misrda telekommunikatsiya xizmatlari tarixi 1854-yilda Qohira va Iskandariya oʻrtasida ilk telegraf liniyasi tashkil etilgan davrdan boshlanadi. 1998-yilda davlat telekommunikatsiya tashkiloti aksiyadorlik kompaniyasiga aylantirilib, Telecom Egypt nomini oldi.

Milliy telekommunikatsiyalarni tartibga solish idorasi

Milliy telekommunikatsiyalarni tartibga solish idorasi (National Telecommunications Regulatory Authority, NTRA) Misrda telekommunikatsiya bozorini boshqarish va tartibga solish bilan shugʻullanadi. Tashkilot 1998-yilda Telekommunikatsiyalarni tartibga solish idorasi sifatida tashkil etilgan. 2003-yilda qabul qilingan 10-sonli Telekommunikatsiyalarni tartibga solish toʻgʻrisidagi qonun asosida uning nomi Milliy telekommunikatsiyalarni tartibga solish idorasi deb oʻzgartirildi. Idora sohada raqobatni taʼminlash, xizmatlar sifatini nazorat qilish va foydalanuvchilar huquqlarini himoya qilish vazifalarini bajaradi.

Axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirish agentligi

Axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirish agentligi (Information Technology Industry Development Agency, ITIDA) 2004-yilda tashkil etilgan. Agentlik Misr axborot texnologiyalari sanoatini rivojlantirish, mahalliy kompaniyalarni qoʻllab-quvvatlash, xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va mamlakatning xalqaro bozordagi raqobatbardoshligini oshirish bilan shugʻullanadi.

Misr pochtasi

Misr pochtasi (Egypt Post) mamlakatdagi eng qadimiy davlat tashkilotlaridan biridir. U 1865-yilda tashkil etilgan. Tashkilot pochta joʻnatmalarini yetkazish, moliyaviy va boshqa pochta xizmatlarini koʻrsatish bilan shugʻullanadi.

Axborot texnologiyalari instituti

Axborot texnologiyalari instituti (Information Technology Institute, ITI) 1993-yilda tashkil etilgan. 2005-yildan boshlab vazirlik tarkibida faoliyat yuritadi. Institut axborot texnologiyalari sohasida mutaxassislar tayyorlash, yoshlarning kasbiy koʻnikmalarini rivojlantirish va zamonaviy texnologiyalar boʻyicha oʻquv dasturlarini amalga oshirish bilan shugʻullanadi.

Milliy telekommunikatsiya instituti

Milliy telekommunikatsiya instituti (National Telecommunication Institute, NTI) 1983-yilda tashkil etilgan. U telekommunikatsiya va axborot texnologiyalari sohasida taʼlim, ilmiy tadqiqot hamda texnik maslahat xizmatlarini koʻrsatadi. Institut vazirlik strategiyalarini amalga oshirish, soha uchun malakali mutaxassislar tayyorlash va amaliy tadqiqotlarni rivojlantirishda ishtirok etadi. Tashqi havolalar

Rasmiy vebsayt

Manbalar

Turkum:Misr davlat organlari