Mahmudxoʻja Behbudiy (Kirill alifbosida: Маҳмудхўжа Беҳбудий; Arab alifbosida: ; Toʻliq ismi – Mahmudxoʻja Berbudiy ibn Behbudxoʻja) (30-yanvar, 1874, Samarqand – 25-mart, 1919, Qarshi) – dramaturg, noshir, pedagog, qozi, muftiy, din va jamoat arbobi. Jadidchilik milliy maʼrifatparvarlik harakatining tarafdori. "Behbudiya kutubxonasi" hamda „Nashriyoti Behbudiya“ faoliyati boʻlgan. „Samarqand“ gazetasi va "Oyna" jurnali asoschisi.

Hayoti Mahmudxoʻja Behbudiy 1874-yil 30-yanvarda Samarqand shahrining Yomini mahallasida imom-xatib Behbudxoʻja Solihxoʻja oʻgʻli xonadonida tugʻilgan. Otasi Ahmad Yassaviy avlodidan. Otasining buvasi Niyozxoʻjaning asli kelib chiqishi urganchlik boʻlib, Samarqandga XVIII asr oxirida, amir Shohmurod hukmronlik davrida koʻchib kelgan. 1868-yilda rus askarlari Samarqandga bostirib kirgandan keyin otasi Behbudxoʻja oilasini olib Baxshitepa qishlogʻiga koʻchib oʻtgan va shu qishloqda imomlik qilgan. Behbudiyning onasi esa muftiy Odil Mansur oʻgʻlining singlisi boʻlgan.

Behbudiy dastlab otasidan Qur’on ilmini oʻrgangan, keyinchalik 6-7 yoshlarida togʻasi Muhammad Siddiq qoʻlida oʻqib, savod chiqargan. 15 yoshida boshqa bir togʻasi Mulla Odil oʻzi mudarrislik qilgan madrasada oʻqitib taʼlim bergan.

Behbudiylar oilasi maʼrifatparvar va ziyoli boʻlgan. Ikki singlisi ham oʻqib, tahsil olgan. Qur’onni yaxshi bilgan. Katta singlisi Huriniso „qoribegim“ unvoniga ega boʻlgan. 1893-yilda onasi, 1894-yilda otasi vafot etgan.

Behbudiy 18 yoshida Chashmai ob volostida qozi vazifasida ishlagan togʻasi Muhammad Siddiq qoʻl ostida mirzalik qilgan. Togʻasi oldida ikki yil ishlagach, mirzalik faoliyatini Kobud volosti qozisi Mulla Zubayr Yaxshiboy oʻgʻli qoʻlida davom ettiradi. Chunki bu paytda togʻasi qozilikdan boʻshatilgan. Mirza va qozilik bilan shugʻullanib, soʻng Jomboyda muftiylik darajasiga koʻtarilgan. Behbudiy Kabut boʻlisida 10 desyatina yerga egalik qilgan. Oʻziga toʻq va badavlat kishidir.

Behbudiy 1899–1900-yillarda buxorolik doʻsti Hoji Baqo bilan birga Makka va Madinada haj safariga otlangan. Shu sababli Rossiya, Arabiston, Misr, Turkiyani kezib chiqqan. Safar jarayonida sayohatning har qanday turi – poyezd, kema, otda va piyoda yurib dunyo kezgan. Sayohat davomida yangi maktab (usuli jadid) ochish fikri mustahkamlanib bordi. 1914-yili ikkinchi marta haj safari chogʻida Shom, Quddus, Odessa, Istanbul va boshqa shaharlarni kezgan. Oʻz sayohati davridagi xotiralarini Samarqandda nashr etilayotgan Oyna jurnalining tahririyatiga yuborib turgan.

1903–1904-yillarda Moskva, Peterburg, Orenburg, Qozon va Qrimda boʻlgan. Maorif sohasida Rossiya va tatar arboblari tajribasini oʻrgangan. Mahmudxoʻja Behbudiy Ismoil Gaspirinskiy bilan birinchi marta 1897-yilda Gaspirinskiyning Turkistonga sayohati vaqtida Samarqandda tanishgan. Ismoil Gaspirinskiy bilan uchrashuvi keyingi hayotiga taʼsir katta koʻrsatdi. Ismoilbey va Behbudiyning ikkinchi uchrashuvi 1914-yilning yozida yuz bergan. Alloma margʻilonlik bir kishi bilan Istanbulning Gülhane bogʻida yurganda tasodifan Ismoil Gasprinskiyni koʻrgan va oʻxshatgan boʻlsam kerak degan oʻy bilan salom berib oʻtib ketgan. Orqasidan javob ovozi kelgach, ikki doʻst yaqindan koʻrishgan. Gaspiriniskiyning taklifi bilan Shahin posho mehmonxonasida yuz bergan suhbat yetti soat davom etgan. Gaspirinskiy suhbat yakunida Behbudiyni Qrimga taklif etadi. Oradan koʻp oʻtmay Ismoilbey vafot etgan va Istanbuldagi uchrashuv ularning eng soʻnggi qarshilashishi boʻlgan.

Faoliyati

Behbudiy 1903-yilda Samarqandning Jomboy tumanida( u yerda kutubxona ham boʻlib unda kitob oʻqish bilan birga sotib olish ham mumkin boʻlgan) keyinchalik Samarqand tumaniga qarashli Rajabamin qishlogʻida „usuli savtiya“ maktabini ochadi. Bu maktab Abduqodir Shakuriy xonadonida tashkil etilgan. Maktab oʻquvchilarining katta qismi shahardan boʻlganligi va Rajabamin qishlogʻiga qatnash qiyinligi sababli keyinchalik bu maktabni Behbudiy oʻzining hovlisiga koʻchiradi. Shu davrda u maktab oʻquvchilari uchun bir qancha darsliklar yaratgan. 1904-yilda „Risolayi asbobi savod“ („Savod chiqarish kitobi“), 1905-yilda „Risolayi jugʻrofiyayi umroniy“ („Aholi geografiyasiga kirish“), 1906-yilda „Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy“ („Qisqacha umumiy geografiya“), 1908-yilda „Kitobatul atfol“ („Bolalar xati“), 1908-yilda „Amaliyoti islom“, 1909-yilda „Tarixi islom“ kitoblarini nashr ettirgan. „Muntaxabi jugʻrofiyai umumiy“ning toʻliq nomi „Kitobi muntaxabi jugʻrofiyai umumiy va namunai jugʻrofiya“ boʻlib, uni chop etish uchun 1905-yilning 24-avgustida Sankt-Peterburg senzurasidan ruxsat olingan. Shundan soʻng 1906-yili Samarqanddagi G. I. Demurov matbaasida bosilgan. sahifalari soni 106 ta. Muallif ushbu „qadim fan“ga tegishli „turkiy, forsiy, arabiy, rusiy lugʻatlarga tasnif boʻlgan oʻttiz qadar qadim va jadid qutub va rasoili jugʻrofiya, tarixiy, hay’ati riyoziy, tabiiy“lardan va yana juda koʻp turli xildagi manbalardan foydalangan holda yozganini qayd etgan.

1907-yil 23-avgustda Nijniy Novgorodda Rusiya musulmonlarining madaniyat va turmush muammolariga bagʻishlangan qurultoyi chaqirilgan. Qurultoyda Behbudiy turkistonliklar guruhini boshqargan va nutq soʻzlagan. Shu yili Behbudiy Rossiya 3-Davlat Dumasining Musulmon fraksiyasiga „Turkiston madaniy muxtoriyati“ loyihasini koʻrib chiqish uchun joʻnatgan. Behbudiy loyihada Davlat dumasiga Turkiston musulmon aholisining nufuziga mos vakillar saylanishi, diniy idoraviy ishlarda erkinlikni, Turkis­tondagi mahalliydan tortib har qanday darajadagi boshqaruvda mahalliy xalq vakillarining ishtirok etishini taʼminlash, turkistonlik xalqlar uchun majburiy hamda bepul umumtaʼlimni joriy qilish, mahalliy aholi roziligisiz Turkistonga Rusiya­ning turli hududlaridan aholi koʻchirilishini toʻxtatish, rus istilosi natijasida tortib olingan vaqf mulklarini qaytarish singari qatʼiy talab­larni ilgari surgan. Loyihada yozilgan ism-sharifi hamda mansabi ostiga oʻz muhrini ham bosgan. Biroq, uning bu loyihasi 3-Davlat Dumasi tomonidan eʼtiborsiz qoldiriladi.

Behbudiy 1913-yildan boshlab matbuot ishlari bilan shugʻullangan. Shu yilning aprelida „Samarqand“ gazetasiga asos solgan. Gazeta ikki tilda: oʻzbek va tojik tillarida, haftada 2-marta chop etilgan. Dastlab ikki sahifada boʻlgan gazeta 3-8-sonlarida sahifalari soni toʻrttaga yetkazilgan. 400-600 nusxada chop etilgan. 45-soni chiqqach, chor hukumatining tazyiqi hamda moddiy qiyinchiliklar tufayli nashr toʻxtagan. Shu yilning 20-avgustidan „Oyna“ jurnali chiqara boshlagan. Haftalik nashrdan chiqqan bu jurnal asosan oʻzbekcha boʻlib, maqola (forscha), sheʼr, eʼlonlar (ruscha) ham berib borilgan. Sahifalarida illustratsiyalardan foydalanilgan. Jurnal Tatariston, Eron, Kavkaz, Afgʻoniston, Turkiya, Hindistongacha tarqalgan. „Oyna“ jurnalining sohasi keng qamrovli boʻlib, unda millatning tarixi, haq-huquqi, adabiyot hamda til masalalari, jahondagi ahvol toʻgʻrisida maqola va munozaralar berib borilgan. Jurnal faoliyati 20 oy davom etgan. Shu davr mobaynida 68 soni nashr etilgan. Behbudiy kitob nashrini ham yoʻlga qoʻygan. A. V. Pyakovskiy 1913-yili Behbudiy bosmaxonasida Fitratning „Bayonoti sayyohi hindi“ asarini rus tiliga tarjima qilib, nashr etgan. Turli xildagi darslik hamda qoʻllanmalardan tashqari nashriyotda „Turkiston, Buxoro va Xivaning xaritasi“ni bosib chiqargan. 1917-yili alloma safdoshlari – Fitrat, Ayniy, Ajziy, Muhammadquli Oʻrinboyev, A. Shomansur bilan birgalikda „Hurriyat“ roʻznomasini, „Zarafshon“ shirkatini hamda „Nashri maorif“ni tashkil etgan.

Behbudiy 1917-yilning 16-23-aprelida Toshkentda boʻlib oʻtgan Turkiston musulmonlarining 150 nafar vakili qatnashgan qurultoyda ishtirok etib, nutq soʻzlagan. Nutqida musulmonlar orasidagi har qanday ixtiloflarga qarshi chiqqan. Ulugʻ maqsad yoʻlida birlashishga chorlagan. Shunday kelishmovchiliklar tufayli „mustamlakot qoidasi ila bizni idora eturlar“ deb ochiq soʻzlagan. 1917-yilning 17-martida qabul qilingan Buxoro amirligida amir boshchiligida islohotlar oʻtkazish talabi toʻgʻrisidagi manifest mualliflaridan biri boʻlgan. Behbudiy shu qurultoyda oʻlka musulmonlar shoʻrosining raisi etib saylangan.

1917-yil 26-noyabrda Behbudiy Qoʻqonda ish boshlagan oʻlka musulmonlarining 4-favqulodda qurultoyida qatnashgan. 27-noyabrga oʻtar kechasi "Turkiston muxtoriyati" eʼlon qilindi. Uning gʻoyaviy rahbarlari biri Behbudiy boʻlgan. Muxtoriyat shoʻrolar tomonidan vahshiyona bostirildi. Behbudiy may oyining boshlarida Samarqandga qaytadi. U yerda koʻp tura olmay Toshkentga keladi.

Bu davrda jadidlar va milliy ziyolilar oldida uch tanlov mavjud boʻlgan: birinchisi: xorijiy davlatga chiqib ketish, ikkinchisi: qoʻlida qurol bilan oʻz fikr va gʻoyalarini himoya qilish, uchinchisi: yangi tuzilgan hukumat bilan murosa yoʻliga kirib, xalq taraqqiyoti, maʼrifati yoʻlida xizmat qilish boʻlgan. Turkiston jadidlarining yetakchisi boʻlgan Behbudiy xalq orasida katta obroʻ-eʼtiborga ega boʻlgan. Yangi tuzilgan hukumat ham buni yaxshi tushungan. Shu sababdan alloma yangi hukumat tarkibida milliy masalalar boʻyicha komissariat organlarida ishlashga rozilik beradi. Komissariatning turkiy millat masalalari boʻlimini boshqarish vazifasida faoliyat yuritgan. Hujjatni mutafakkir Toshxoʻja Ashurxoʻja imzolagan. Behbudiyning oylik maoshi 700 rubl etib belgilangan. Komissar oʻrinbosari sifatida Behbudiy hududdagi maʼnaviy hamda maʼrifiy ishlarga mas’ul boʻlgan. Shu davrda uning tashabbusi bilan „Ishtirokiyun“ („Kommunist“) gazetasi nashr qilingan. Behbudiy nashr bosh muharriri vazifasiga Orif Klivliyevni tayinlagan.

Behbudiy 1918-yillari siyosatda faol boʻlgan. Arxiv hujjatlaridan olingan maʼlumotlarga qaraganda, 1918-yilning yozida Toshkentga borib Turkiston hukumatining Qurultoyida qatnashgan. Shuningdek, ocharchilikka barham berish va oziq-ovqat muammosini bartaraf qilishga oid maqolalarni eʼlon qilgan. Partiya va ijro organlarining mutasaddi rahbarlari bilan uchrashgan.

Kuz oylariga kelib Bebudiy sovetlar va kommunistlar olib borayotgan siyosat mafkurasi notoʻgʻri yoʻnalishdaligini anglab yetgan. Bu mafkura mahalliy xalqlar uchun zararli degan qarorga kelgan. Natijada 1918-yilning oktyabr-noyabr oylariga kelib vazifasidan ketishga qaror qilgan. Hujjatlarda koʻrsatilishicha, Turkiston komissarlar soveti raisi Malkovning imzosi bilan Mahmudxoʻja Behbudiy raislik qilgan sektor tarqatib yuborilgan. 1918-yilning 5-noyabridan boshlab sektor aʼzolariga taqdim qilingan tashviqot va targʻibot olib borish huquqini beruvchi hujjatlar bekor qilingan. Behbudiy ham tashkilotni tark etgan.

Ilmiy tadqiqotchilar fikricha Behbudiy shundan keyin haj safariga otlangan.

Dramaturgiya alt=Marketing boʻlimi tomonidan yasalgan|thumb|M.Behbudiy uy-muzeyining ochilish afishasi