Moʻynoq tumani – Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimolidagi tuman. 1931-yil 19-sentabrda tashkil etilgan. Amudaryo deltasi, Orol dengizining janubidagi hududlarni egallaydi. Qoraoʻzak, Chimboy, Boʻzatov tumanlari, Qozogʻiston Respublikasining Oqtoʻba, Qiziloʻrda viloyatlari bilan chegaradosh. Maydoni 37,94 ming km². Aholisi 28,8 ming kishi (2003). Tumanda 5 ovul fuqarolari yigʻini (Boʻzatov, Madali, Tikoʻzak, Uchsoy, Qozoqdaryo), 1 shahar (Moʻynoq) bor. Markazi – Moʻynoq shahri Tabiati. Tuman hududining aksari qismi Orol dengizining qurigan tubi (Orolqum) va Amudaryo deltasidagi koʻllardan iborat. Tumanning xoʻjalik va madaniy markazi – Moʻynoq shahri Keyingi yillarda deltadagi ilgari suv bosib yotgan ayrim yerlar oʻzlashtirilib, ekinlar ekilmoqda. Qurilish materiallaridan tosh, qum, gil bor. Iqlimi keskin kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi —7,4°, iyulniki esa 26,3°. Vegetatsiya davri 213 kun. Yillik oʻrtacha yogʻin 105 mm, asosan, bahor va qishda yogʻadi. Tumanda Sudochye, Kavsir, Zokirkoʻl, Sarikoʻl, Shegekda va bir qancha mayda koʻllar bor. Amudaryoning Orolga quyilish qismi ham shu tuman hududida. Tuproqlari botqoq-oʻtloqi, allyuvial qayir tuprogʻi. 148,3 ming ga yer oʻtloq va yaylov (asosan, qamishzor). Yovvoyi oʻsimliklardan qamish, qoʻgʻa, chiy, turangʻil, terak, jiyda, yulgʻun, bugʻdoyiq, yantoq va boshqa oʻsadi. Moʻynoq tumani Oʻzbekistondagi hayvonot dunyosiga boy tumanlardan. Baliqning 30 dan ortiq turi bor (zogʻorabaliq, oqmarqa, choʻrtan, laqqa, taran, olabuga, sudak, toʻrta, burge, baqra, pilmay, amur baligʻi, yalpoqburun, chavoq, ilonbosh va boshqalar) Ondatra ayniqsa, katta ahamiyatga ega. Qushlarning 80 dan ziyod turi (oʻrdak, gʻoz, qirgʻovul, oqqushlar, birqozon, qoʻton, qoravoy, chagʻalay, churalay va boshqalar), sut emizuvchilardan qobon, boʻri, chiyaboʻri, boʻrsiq, quyonlar bor.

Aholisi koʻp millatli. Qoraqalpoq, oʻzbek, qozoq, rus, ukrain, tatar, koreys va boshqa millat vakillari yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 1 kishidan koʻproq.

Xoʻjaligi. Tumanda baliqchilik va chorvachilik xoʻjaliklari mavjud. Sanoat korxonalari Amudaryo deltasidagi Moʻynoq, Uchsoy, Qozoqdaryo, Poʻrlitov, qisman Qoʻngʻirotda joylashgan. Umumiy ekin maydoni 1323 ga. Shundan 938 ga gʻalla (asosan, bugʻdoy, sholi), 80 ga kartoshka, sabzavot va poliz, 305 ga maydoni yem-xashak ekinlari bilan band (2003). Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 9,6 ming qoramol, 750 ga yaqin ot bor (2003). Parrandachilik (ondatra, tulki, suvsar) bilan ham shugʻullaniladi. Tumanning asosiy transporta suv transportidir. Havo va avtomobil transportidan foydalaniladi. Qoʻngʻirot – Beynov temir yoʻl tumanni Qozogʻiston va Rossiya Federatsiyasi bilan bogʻlaydi. Tumandagi 13 dan ziyod umumiy taʼlim maktabida 5770 oʻquvchi taʼlim oladi, Moʻynoq sanoat transport kasb-hunar kolleji (507 oʻquvchi), Moʻynoq biznes maktabi (145 oʻquvchi) faoliyat koʻrsatadi (2003). 40 ga yaqin kutubxona, 20 ga yaqin klub bor. 20 dan ziyod tibbiy muassasada 40 vrach ishlamoqda.OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Sanoati Moʻynoq tumani sanoati tarixan Orol dengizi va uning tabiiy resurslari bilan bogʻliq boʻlgan. XX asrda baliqchilik, baliqni qayta ishlash va konserva mahsulotlari ishlab chiqarish tuman iqtisodiyotining asosiy tarmoqlaridan biri hisoblangan. Orol dengizining qurishi natijasida baliqchilik sanoati qisqargan. Keyingi yillarda tumanda baliq mahsulotlarini qayta ishlash, qurilish materiallari, mineral tuz va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarishga yoʻnaltirilgan loyihalar tashkil etilgan.

2019-yilda qiymati 20 milliard soʻm boʻlgan „Moʻynoq akva sanoat“ korxonasini ishga tushirish ishlari olib borilgan. Loyiha yiliga 4 ming tonna baliqni qayta ishlash, jumladan, 9 million dona konserva, 780 tonna baliq qiymasi, 400 tonna file va 200 tonna dudlangan baliq ishlab chiqarishga moʻljallangan.

Tumanda mahalliy xomashyodan qurilish materiallari ishlab chiqarish yoʻnalishi ham rivojlantirilgan. 2019-yil oktabr oyida Toshkent Plast Polimer va Xitoyning Panjin Jijia Ecological Board Industry Co., Ltd kompaniyasi oʻrtasida Moʻynoqda qamishdan yogʻoch-qirindili plitalar (DSP) ishlab chiqaruvchi zavod qurish boʻyicha 45 million AQSh dollarlik investitsiya shartnomasi imzolangan. Loyiha tumanning Tikuzik hududida amalga oshirilishi va zavod yiliga 200 ming kub metr DSP ishlab chiqarishi rejalashtirilgan.

2020-yilda Toshkent Plast Polimer ishtirokidagi ushbu loyiha Oʻzbekiston Respublikasining 2020–2022-yillarga moʻljallangan investitsiya dasturiga kiritilgan. Davlat dasturida loyiha qiymati 25 million AQSh dollari, yillik ishlab chiqarish quvvati 120 ming kub metr deb belgilangan. Uni 2020–2021-yillarda amalga oshirish rejalashtirilgan.

2024-yilda „Olmaliq Muynoq quruvchi“ korxonasining 78,7 milliard soʻmlik loyihasi uchun 49,3 gektar yer ajratilgan. Loyiha qamish va yogʻoch chiqindilaridan mebel, MDF, LDSP, OSB hamda SIP-panellar ishlab chiqarishga qaratilgan. Shu davrda „Muynak LDSP“ korxonasida ham qamishdan DSP ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan.

Moʻynoqda mineral tuz va artemiya mahsulotlarini ishlab chiqarish ham sanoatning muhim yoʻnalishlari hisoblanadi. Tumanda tuzni qayta ishlash va qadoqlash korxonalari faoliyat yuritadi. Artemiya sistalarini yigʻish va qayta ishlash esa eksportga yoʻnaltirilgan tarmoqlardan biridir.

2025-yilda Moʻynoq tumanida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 621,1 milliard soʻmni tashkil etgan. Sanoat ishlab chiqarishining oʻsish surʼati 121,4 foizga yetgan. Shu yili umumiy qiymati 172 milliard soʻmlik 10 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 195 ta yangi ish oʻrni yaratilgan. Xorijiy investitsiyalar va kreditlar hisobidan 5,1 million AQSh dollari oʻzlashtirilgan.

Moʻynoq tumani – Qoraqalpogʻiston Respublikasining shimolida joylashgan maʼmuriy birligi. Shimolida Orol dengizi joylashgan.

Aholisi Aholisi – 26 941 kishi (2007).

Iqlimi Iqlimi kontinental, qishi sovuq, yozi issiq boʻladi.

Manbalar

Havolalar Orol dengizi ekologik halokati markazida (Moʻynoq shahri haqida maqola) Moʻynoq shahri atroflari topografik xaritasi Qoraqalpogʻiston norasmiy sayti Kemalar qabristoni (Moʻynoq tevarak-atroflari fotoalbomi, 2010-yil, aprel)

Turkum:Qoraqalpogʻiston shaharlari Turkum:Orol dengizi Turkum:Qoraqalpogʻiston tumanlari