Abdurauf Fitrat (1886, Buxoro shahri, Buxoro amirligi — 4-oktyabr, 1938, Toshkent shahri, Oʻzbekiston SSR) — oʻzbek tarixchisi, filolog, tarjimon, yozuvchi, dramaturg va shoir, zamonaviy oʻzbek tili va adabiyoti asoschilaridan biri, Oʻrta Osiyo jadidchiligining taniqli vakili, birinchi oʻzbek professori (1926). Jadidchilik milliy maʼrifatparvarlik harakatining tarafdori. Turkiyada taʼlim olgan. Inqilobga qadar Oʻrta Osiyoni Rossiyadan ozod qilinishi harakatlarida faol qatnashgan, politsiya nazorati ostida boʻlgan. Turkiyadagi „Yosh turklar“ harakatidan ilhomlanib, Buxoroda „Yosh buxoroliklar“ partiyasini tuzgan, uning maʼnaviy rahnamosiga aylangan. Doʻsti va maslakdoshi Munzim bilan hamkorlikda buxorolik 70 nafar yosh turkistonliklarni Germaniyaning bir qator oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga yuborgan (1922)Unutilmas siymolar (Jadidchilik harakatining namoyandalari) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi DJQA, „Akademiya“, Toshkent, 1999.
Hayoti 1886-yilda Buxoro shahrida ziyoli oilasida tugʻilgan, adibning otasi savdogarchilik bilan shugʻullangan boʻlib, 1918-yilgacha Qashqarda turib qoladi. Yosh Abdurauf asosan onasi Mustafo Bibi (Bibijon) tarbiyasida qoladi, undan Navoiy, Uvaysiy, Zebunniso, Bedil, Fuzuliy kabi yirik shoirlarning gʻazallarini tinglaydi. Dastlab eski maktabda, keyinchalik, Buxorodagi Mir Arab madrasasida tahsil olgan. 1902-1903-yillarda haj safariga chiqqan, uni ado etgach Arabiston, Anatoliya (zamonaviy Turkiya), Kavkazorti, Eron, Afgʻoniston, Hindiston boʻylab sayohat qilgan. 1906-1908-yillarda Rossiyaning Qozon, Nijniy Novgorod, Yaroslavl, Moskva, Petrograd shaharlarida boʻlgan. XX asr boshlarida vujudga kelgan „Tarbiyai atfol“ jamiyati koʻmagida 1908-1913-yillarda Istanbuldagi Voizon madrasasida tahsil olgan va qizgʻin ijod qilgan. Madrasada unga mudarris Yusuf Akchura taʼlim bergan. thumb|Fitrat (oʻrtada) maslakdoshlari bilan. Buxoro. tm. 1908-yil
1908—1913-yillarda Turkiya dorilfununida oʻqiyotganda uning zukko, bilimdonligi professor-oʻqituvchilarni hayratga soladi. Unga Fitrat — Donishmand taxallusini beradilar. Fitratning dastlabki maqolalari „Hikmat“ jurnalida bosilgan. Oʻzi esa Rossiya imperiyasidan kelgan muhojirlar bilan aloqa bogʻlagan. Fitratning Usmonlilar poytaxtida oʻtkazgan toʻrt yili Bolqon urushi va Yosh turklarning konstitutsiyaviy inqilobiga toʻgʻri keldi.
Fitrat oʻqishni Istanbulda davom ettirib yurgan kezlarida, hamyurtlari bilan birgalikda „Buxoro ta’limi maorif jamiyati“ni tuzgan. Bu jamiyat buxoroliklarning oʻzaro moddiy-maʼnaviy uyushmasi vazifasini bajargan hamda Buxoro va Turkiston maorifining olgʻa siljishiga doir bir qator ishlarni amalga oshirgan. Bu davrda Turkiya „Yosh turklar“ inqilobidan mast davrni oʻz boshidan kechirardi. Turkiyadagi bunday inqilobiy muhit albatta yosh Fitratga ham ijobiy taʼsir koʻrsatdi. U siyosat maydoniga shoʻngʻib ketdi. Bu yerda Fitrat Sharq adabiyoti, sanʼati, tarixini chuqur va atroflicha oʻrganadi. Ilgʻor taraqqiyparvar turk adabiyoti vakillari, turk adabiyoti orqali esa Gʻarb adabiyoti bilan yaqindan tanishadi. Gʻarb va Sharq xalqlari madaniyati, adabiyotlari oʻrtasidagi farqlarni oʻz koʻzi bilan koʻradi, uning sabablarini teranroq anglaydi.
Faoliyati, jadidchilik va hurriyat orzusi
Fitrat vataniga qaytgach, Buxoro jadidlarining tashkilotchilaridan biri sifatida xalqni maʼrifat va madaniyatdan bahramand qilish uchun astoydil kurashdi, xususan u Buxoroning turli tumanlarida oʻqituvchilik qilib, jadidchilik gʻoyalarini keng targʻib etdi. 1915-yildan „Yosh buxoroliklar“ harakatining soʻl qanotiga boshchilik qildi. 1916-yilga qadar buxorolik jadidlar yakdil va yagona jabha boʻlib ish olib borgan boʻlsalar, keyinchalik ular ikkiga boʻlinib ketadilar. Abdulvohid Burhonov boshchiligidagi jadidlarning bir qismi eski tarzda faqat maʼrifat-madaniyat tarqatish yoʻlini tutgan boʻlsa, ularning boshqa boʻlagi Fitrat, Fayzulla Xoʻjayev kabi chet mamlakatlarda oʻqib kelgan yoshlar omma oʻrtasida maʼrifat va madaniyat tarqatish bilan birga amirga qarshi kurashishni ham yoqlab chiqadilar. Bunday boʻlinishning asosiy sabablari:
Turkiston oʻlkasi, shu jumladan Buxoro amirligidagi ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy vaziyatning ogʻirligi, rus podshosi va amirlikning ikki yoqlama zulmkorlik siyosati; bolsheviklarning mahalliy xalq oʻrtasida yurgizgan tashviqot va targʻibotlari taʼsiriga ishonuvchanlik; mahalliy xalq vakillarining siyosiy vakuumda saqlanganligi, ularning siyosat borasidagi gʻoyaviy-nazariy saviyasining yetarli darajada rivojlanmaganligi.
Fitrat 1917-yilgi fevral voqealaridan soʻng jadidlarning Buxorodagi ahvoli murakkablashgach, Samarqandga koʻchib borib 1917-yil aprelidan 1918-yil martigacha chiqib turgan „Hurriyat“ gazetasiga muharrirlik qiladi (1917-yilgi 27-sonidan 1918-yilgi 87-sonigacha), gazeta ishlarini rivojlantirish maqsadida Fitrat nashriyotga Oʻrta Osiyo jadidchiligining dargʻasi, muftiy Mahmudxoʻja Behbudiyni taklif etadi. Ayrim maʼlumotlarga qaraganda Fitrat shu-yillarda „Ittihodi taraqqiy“ tashkiloti Eski Buxoro boʻlimining raisi ham boʻlgan.
1917-yilning oktyabr oyini „Yurt qaygʻusi“ deb baholadi. Ammo nurli kelajakdan umid uzmadi. 1917-yil 27-noyabrda eʼlon qilingan Turkiston Muxtoriyatini soʻngsiz mehr bilan qarshi oldi. Hatto 27-noyabrni „Milliy laylatulqadrimiz“ deb atadi. Ammo uning bu quvonchi uzoqqa choʻzilmadi, 1918-yilning 19-20-fevralida Turkiston muxtoriyati bolsheviklar va armanlarning „Dashnaksutyun“ partiyasi tomonidan qonga botirildi. Bu voqea tarixda „Qoʻqon voqeasi“ nomini olgan.
1918-yil martdagi Kolesov voqeasidan keyin u Toshkentga keldi. Dastlab Xadradagi maktabda, may-iyun oylaridan boshlab Turkiston musulmon dorilfununi qoshida tashkil topgan dorulmualliminda til va adabiyotdan dars berdi. 1919-1920-yillarda Afgʻoniston amirligining Toshkentdagi vakolatxonasida tarjimonlik qildi.
Toshkentda u asosan ilmiy, ijodiy maʼrifiy ishlar bilan koʻproq band boʻldi. Bir qator darsliklar tuzdi, „Chigʻatoy gurungi“ nomli ijtimoiy-adabiy tashkilot tuzib, unda faol ishtirok etdi. 1920-yil 9-aprelda „Tong“ jurnalini tashkil etib, yosh ziyolilar avlodini millatparvarlik va vatanparvarlik ruhiyatida tarbiyalashga kirishdi. „Tong“ jurnalining shiori boʻlgan: „Miya oʻzgarmaguncha boshqa oʻzgarishlar negiz tutmas!“ soʻzlari Fitratning shu-yillarda olib borgan faoliyatining maqsad-mohiyatini toʻla ifodalaydi. Jurnalda „Chigʻatoy gurungi“ aʼzolarining deyarli barchasi ishtirok etdi. Afsuski, jurnal ishi 3-sondan keyin toʻxtab qoldi.
Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tashkil topishi bilan Fitrat 1921-yilda Buxoroga taklif qilinadi va shu-yildanoq maorif noziri vazifasida ish boshlaydi. 1922-yilda xorijiya (tashqi ishlar) noziri, Xalq xoʻjaligi Kengashi raisi, Markaziy Ijroya Qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, Xalq nozirlari shoʻrosi raisi oʻrinbosari, Hukumat plan va smeta tashkiliy hay’atining raisi, BXSR mehnat kengashining Prezidium aʼzosi va boshqa lavozimlarda xizmat qildi. Ikki yil davomida Buxoro Xalq Respublikasida taʼlim vaziri va iqtisodiy rivojlanish kengashining rahbari sifatida faoliyat yuritgan. U shu davrda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi mablagʻlari hisobiga 70 nafar turkistonlik istiqbolli yoshlarning Germaniyaga borib oʻqishi, Buxoroda Sharq musiqasi maktabining tashkil etilishi, fan va madaniyatga doir xalq qoʻlida sochilib yotgan noyob qoʻlyozmalarni toʻplashda tashabbuskor boʻldi. Fitratning saʼy-harakatlari bilan Buxoro Xalq Sovet Respublikasida turk (oʻzbek) tili davlat tili deb eʼlon qilindi. Davlat teatri tashkil qilinib, bu teatrda ishlash uchun Toshkentdan Mannon Uygʻur va Choʻlpon, vaqf ishlarini boshqarish uchun esa Munavvar Qori Abdurashidxonov taklif etildi (1921).
Ammo 1923-yilda Yan Rudzutak boshchiligida Moskvadan kelgan komissiya Fitratni ishdan olib, Rossiyaga „chaqirib olingan“ deb eʼlon qildi va Fitrat 1923—1927-yillarda Moskvadagi Sharqshunoslik instituti (1921-yilgacha Sharq tillari instituti deb nomlangan)da ishladi, ilm bilan shugʻullandi. Leningrad Davlat universitetining Sharq fakultetida Turk, arab, fors tili va adabiyoti, madaniyatidan talabalarga dars berdi. Leningrad Davlat universiteti professorligiga saylandi. „Abulfayzxon“, „Bedil“, „Qiyomat“, „Shaytonnig Tangriga isyoni“ kabi asarlar yozib, chop ettirdi. 1927-yilning boshida Rossiyadan qaytgach, 1937-yilga qadar Samarqanddagi Oliy pedagogika instituti (hozirgi Samarqand Davlat universiteti) hamda Toshkentdagi Til va adabiyot institutida faoliyat koʻrsatdi. Fitrat oʻz hayoti davomida yuzlab ijtimoiy-publitsistik maqolalar, oʻnlab ijtimoiy-siyosiy va ilmiy risolalar yaratdi. U birgina Turkistonda emas, Afgʻoniston, Hindiston, Turkiya, Kavkaz, Volgaboʻyi matbuotida ham faol ishtirok etdi.Vatan tarixi. R. Shamsutdinov, Sh. Karimov, Oʻ. Ubaydullayev, „Sharq“ NMAK BT, Toshkent, 2003
Badiiy va ilmiy adabiyot Fitratning adabiy merosi rang-barang. U adib sifatida badiiy ijodning barcha turlarida qalam tebratibgina qolmay, oʻzbek adabiyotining yangi janr va turlar bilan boyishi, sheʼr tuzilishining isloh etilishi, adabiy realizmning teranlashishi, davr, jamiyat va xalq hayoti bilan bogʻliq boʻlgan muhim ijtimoiy muammolarning oʻzbek adabiyotida badiiy talqin etilishiga ulkan hissa qoʻshdi.
Fitrat ijodini shartli ravishda uch davrga boʻlish mumkin: 1-davr 1909-1916-yillarni oʻz ichiga olib, Turkiya taassurotlaridan ilhomlangan holda jadid maʼrifatparvari sifatida ijod qilgan. 2-davr 1917-1923-yillarni qamrab oladi, bu davrda Fitrat milliy istiqlol gʻoyalari bilan toʻyingan asarlar yozadi. Ijodining 3-davri 1923-1937-yillarga oid boʻlib, Shoʻro maxfiy xizmatining doimiy nazoratida boʻlgan Fitrat asosan ilmiy va pedagogik ishlar bilan shugʻullanadi.
Fitrat zullisonayn adib boʻlib, adabiyotga shoir va adabiyotshunos sifatida kirib kelgan. Istanbuldagi toʻrt yillik taʼlimi davomida faqat forsiy tilda ijod qilgan. Koʻp oʻtmay u oʻzini dramaturgiya va prozada ham sinab koʻrdi. U „Munozara“ (dastlabki nomi „Hindistonda bir farangi ila buxorolik bir mudarrisning bir necha masalalar ham usuli jadid xususida qilgan munozarasi“) asarini Turkiyaga borishdan oldin, 1905-1907-yillarda yaratgan. „Sayha“ („Chorlov“, „Naʼra“) (fors tilida), „Sayyohi hindi“ („Bayonoti sayyohi hindi“), „Rahbari najot“, „Tarixi Islom“ asarlarini esa Turkiyada tahsil paytida yozgan va „Munozara“ 1908-yilda, „Sayha“ 1910-yilda, „Sayyohi hindi“ 1913-yilda Istanbulda bosilib chiqqan. „Rahbari najot“ va „Oila“ 1915-1916-yillarda Bokuda nashr qilingan. Bu asarlar oʻsha davrdayoq xalq orasida keng tarqaldi. Horijiy tillarga ham oʻgirildi. Masalan, „Munozara“ 1909-1914-yillar orasida turk, ozarbayjon tillarida, „Sayyohi hindi“ rus tilida chop etilgan. „Rahbari najot“ni esa doʻsti, shoir va noshir Abdulvohid Burhonov Sankt-Peterburgda nashrdan chiqargan. Bulardan tashqari uning „Mavludi Sharif“, „Abo Muslim“, „Begijon“ asarlari va dastlabki sheʼrlari „Oyna“, „Taraqqiy“, „Sadoi Turkiston“, „Turon“, „Hurriyat“, „Buxoroi Sharif“ kabi gazeta va jurnallar sahifalarida eʼlon qilingan.
Uning „Munozara“ va „Sayyohi hindi“ asarlari XX asr boshlarida Turkistondagi milliy uygʻonish harakatining norasmiy dasturi boʻlib xizmat qilgan va yoshlar dunyoqarashining keskin oʻzgarishi va ularning jadidlar safiga kelib qoʻshilishiga sabab boʻlgan. Keyinchalik bu asarlar orqali Fitratni millatchilikda, turkparastlikda va islomparastlikda ayblashgan.