ADAM (Adam) Robert (1728.3.7, Ker-koldi – 1792.3.3, London) – ingliz meʼmori va binokor. XVIII asr ingliz klassitsizmining yirik vakili. Edinburg untida oʻqigan (1743-yildan). Yevropa mamlakatlariga sayohatga chiqib qadimiy yodgorliklarni oʻrgangan (1754 – 1758). 1761 – 1768 yillarda qirollik meʼmori. Akasi Jeyms bilan hamkorlikda ratsional mujassamotda chorbogʻlar (Londondagi Kenvudxaus, 1767 – 1769) va jamoat binolari (Edinburgdagi universitet, 1789 – 1793), shahar mavzelari (Londondagi Adelfi, 1768 – 1772), 2 – 3 qavatli turar joy binolari va boshqa qurishgan. Adam qadimiy meʼmorlikka suyanib, mumtoz uslubdagi nafis bezak shakllaridan foydalangan. Binoning ichki qismini bezash va uy jihozlari joylashishiga katta ahamiyat bergan.
Adabiyotlar OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil