Arxozavrlar (lotincha Archosauria-"hukmron kaltakesaklar") — sudralib yuruvchilarning kenja sinfi. Yuqori perm davridan maʼlum. Bosh suyagida 2 ta chekka suyagi va koʻz oldi tuynugi boʻladi. Chanoq suyagi 3 yoki 4 nurli. Terisi qalin sovut bilan qoplangan. A. mezozoy erasida yer yuzida eng keng tarqalgan va juda xilma-xil turlardan iborat sudralib yuruvchilar guruhi boʻlgan. Ayrim A. ikki oyokda tik yurgani uchun orqa oyoqlari, dumi va dumgʻazasi kuchli rivojlangan, lekin oldingi oyoqlari va boshi kichik boʻlgan. Oʻtxoʻr yoki yirtqich hayot kechirgan A.ga tekodontlar, timsohlar, kaltakesakchanoqlilar, qoʻshchanoqlilar, dinozavrlar va uchar kaltakesaklar turkumlari kiradi. A.dan arxeopteriks kelib chiqqan. A.dan bugungi kunda faqat timsohlar saqlanib qolgan.

Adabiyotlar OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil