Imlo (arab. – toʻgʻri yozish), orfografiya – soʻz va gaplarning, soʻz qismlarining fafika vositalari yordamida toʻgʻri yozilishi; muayyan tildagi toʻgʻri yozish qoidalari majmui. Bu qoidalar soʻzlarning tovush tarkibi hamda soʻz va uning morfologik tarkibining yozilishi, soʻzlarni qoʻshib yoki alohida yozish, bosh harflarni toʻgʻri qoʻllash, boʻgʻin koʻchirish va boshqa bevosita yozuv bilan bogʻliq boʻladi. Shu bois Imlo qoidalari vaziyatga koʻra oʻzgarib ham turadi. Kirill yozuvidagi oʻzbek adabiy tilining Imlo qoidalari 1940-yildan shakllana boshlagan boʻlsa, 1956-yilda. Oʻzbek adabiy tilida fonetik, morfologik, tarixiy-etimologik Imlo qoidalari amal qiladi. Fonetik yozuv Imlo qoidalariga muvofiq ayrim soʻzlarning oʻzak va qoʻshimchalaridagi oʻzgarishlar hisobga olinib, talaffuzga muvofiq yoziladi (koʻk+ga=koʻkka, bogʻ+ga=boqqa, buloq + ga=buloqqa va boshqalar). Morfologik OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil

Orfografiya, aytilganidek, toʻgʻri yozish qonun-qoidalarini oʻrganadi. Buning asosini imlo toʻgʻrisidagi qoida tashkil etadi. Lotin yozuviga oʻtilgandan keyin bu yozuvda ham imlo toʻgʻrisidagi qoida qabul qilish ehtiyoji tugʻildi va u 1995-yil 24-avgustda tasdiqlandi. Hozirgi qoidalar tizimi 7 boʻlim, 82 paragrafdan iborat. Quyida faqat 31-paragrafdan keyingisini keltiramiz.

31. Yonma-yon keladigan undoshlarning imlosi: baland,Samarqand, poyezd; doʻst, artist, gʻisht kabi soʻzlarda d, t baʼzan aytilmasa ham yoziladi; metall, kilogramm, kilovatt, kongress, kabi o'zlashma so'zlar oxirida bir undosh aytilsa ham ikki harf yoziladi. Lekin bunday soʻzga xuddi shu tovush bilan boshlanadigan qism qoʻshilsa, so'z oxiridagi bir harf yozilmaydi: metall+lar=metallar, kilogramm+mi=kilogrami kabi;

32. ʼ-tutuq belgisi; aʼlo, baʼzan, maʼyus, taʼzim; raʼy, taʼb; eʼlon, eʼtibor, eʼtiqod, meʼmor, neʼmat, sheʼr, feʼl; Nu’mon, shu’la kabi oʻzlashma soʻzlarda unlidan keyin shu unli tovushning choʻziqroq aytilishini ifodalash uchun qoʻyiladi; moʻjiza, moʻtadil, moʻtabar, kabi soʻzlarda oʻ unlisi choʻziqroq aytilsa ham, tutuq belgisi qoʻyilmaydi; inʼom, sanʼat, qatʼiy, mas’ul kabi oʻzlashma soʻzlarda unlidan oldin shu unli oldingi undosh tovushdan ajratib aytilishini ifodalash uchun qoʻyiladi.

Asos va qoʻshimchalar imlosi 33. Qoʻshimcha qoʻshilishi bilan soʻz oxiridagi unli oʻzgaradi: a unlisi bilan tugagan feʼllarga -v, -q, -qi, qoʻshimchasi qoʻshilganda a unlisi o aytiladi va shunday yoziladi: sayla-saylov, sina-sinov, aya-ayovsiz; soʻra-soʻroq, boʻya-boʻyoq; oʻyna-oʻynoqi, sayra-sayroqi kabi; i unlisi bilan tugagan koʻpchilik feʼllarga -v, -q qoʻshimchasi qoʻshilganda bu unli u aytiladi va shunday yoziladi: oʻqi-oʻquvchi, qazi-qazuvchi, sovi-sovuq kabi. Lekin i unlisi bilan tugagan ayrim feʼllarga -q qoʻshimchasi qoʻshilganda bu unli i aytiladi va shunday yoziladi: ogʻri-ogʻriq, qavi-qaviq kabi.

Eslatma: undosh bilan tugagan barcha feʼllarga -uv qoʻshiladi: ol-oluv, yoz-yozuv kabi; undosh bilan tugab, tarkibida u unlisi bor feʼlga -uq qoʻshiladi: uz-uzuq, yut-yutuq kabi. Lekin uyushiq, burushiq, uchuriq (shuningdek, bulduriq) kabi soʻzlarning uchinchi boʻgʻinida i aytiladi va shunday yoziladi.

34. k, q undoshi bilan tugagan koʻp boʻgʻinli soʻzlarga, shuningdek, bek, yoʻq kabi ayrim bir boʻgʻinli soʻzlarga egalik qoʻshimchasi qoʻshilganda k undoshi g undoshiga, q undoshi gʻ undoshiga aylanadi va shunday yoziladi: tilak-tilaging, yurak-yuragim, kubok-kubogi, bek-begi; tayoq-tayogʻi, qoshiq-qoshigʻi, yaxshiroq-yaxshirogʻi, yoʻq-yoʻgʻi kabi. Lekin koʻp boʻgʻinli oʻzlashma soʻzlarga, bir boʻgʻinli koʻpchilik soʻzlarga egalik qoʻshimchasi qoʻshilganda k, q tovushi aslicha aytiladi va yoziladi: ishtirok-ishtiroki, ocherk-ocherki, erk-erki, huquq-huquqim, ravnaq-ravnaqi kabi.

35. Quyidagi qoʻshimchalar qoʻshilishi bilan soʻzning tarkibida tovush tushadi yoki oshadi: oʻrin, qorin, burun, oʻgʻil, boʻyin, koʻngil kabi baʼzi soʻzlarga egalik qoʻshimchasi, qayir, ayir kabi feʼllarda nisbat shakli yasovchisi -il qoʻshimchasi, ikki, olti, yetti soʻzlariga -ov, -ala qoʻshimchalari qoʻshilganda ikkinchi boʻgʻindagi unli aytilmaydi va yozilmaydi: qorin-qorni, koʻngil-koʻngli; qayir-qayril, ulugʻ-ulgʻay, sariq-sargʻay kabi; u, bu, shu, oʻsha olmoshlariga -da, -dan, -day, -dagi, -gacha, -cha qoʻshimchalari qoʻshilganda n tovushi qoʻshib aytiladi va shunday yoziladi: unda, bunday, shunda, oʻshancha kabi; bu olmoshlarga egalik qoʻshimchalari quyidagicha qoʻshiladi: burningiz, oʻshanisi kabi; o, oʻ, u, e unlisi bilan tugaydigan soʻzga egalik qoʻshimchasi quyidagicha qoʻshiladi: koʻpchilik soʻzlarga egalik qoʻshimchalari -m, -ng, -si; -miz, -ngiz, -si (yoki -lari) shaklida tovush orttirmay qoʻshiladi: bobom, bobong, bobosi; bobomiz, bobongiz, bobosi (yoki bobolari); orzum, orzung, orzusi; orzumiz, orzungiz, orzusi kabi; parvo, obroʻ, mavqe, mavzu, avzo soʻzlariga birinchi, ikkinchi shaxs egalik qoʻshimchalari qoʻshilganda bir y tovushi qoʻshib aytiladi va shunday yoziladi: parvoyim, parvoying; parvoyimiz, parvoyingiz; obroʻyim, obroʻying; obroʻyimiz, obroʻyingiz kabi; uchinchi shaxs egalik qoʻshimchasi parvo, avzo, obroʻ, mavqe soʻzlariga -yi shaklida, xudo, mavzu soʻzlariga esa -si shaklida qoʻshiladi: avzoyi, mavzusi kabi (dohiy kabi y undoshi bilan tugagan soʻzlarga ham uchinchi shaxsda -si qoʻshiladi: dohiysi kabi); 4. men, sen olmoshlariga -ni, -ning, -niki qoʻshimchalari qoʻshilganda qoʻshimchadagi n tovushi aytilmaydi va yozilmaydi: meni, mening, meniki; seni, sening, seniki kabi.

36. Quyidagi qoʻshimchalarning birinchi tovushi ikki xil aytilsa ham bir xil yoziladi: -bon, -boz qoʻshimchalari baʼzan -von, -voz aytilsa ham hamma vaqt -bon, -boz yoziladi: darvozabon, masxaraboz kabi. Lekin -vachcha qoʻshimchasi hamma vaqt shunday aytiladi va yoziladi: amakivachcha, xolavachcha kabi; oʻrin kelishigi va chiqish kelishigi qoʻshimchasining, oʻtgan zamon yasovchisi va uchinchi shaxs koʻrsatkichi -di qoʻshimchasining boshidagi undosh baʼzan t aytilsa ham hamma vaqt d yoziladi: ishda, misdan, ketdi, kelmabdi kabi.

37. Quyidagi qoʻshimchalarning bosh tovushi ikki yoki uch xil aytiladi va shunday yoziladi: taqlid so'zdan feʼl yasovchi -illa (chirilla, taqilla) qoʻshimmchasi soʻz tarkibida v yoki u tovushi boʻlganda -ulla aytiladi va shunday yoziladi: shovulla, lovulla, gurulla kabi; nisbat shaklini yasovchi -dir qoʻshimchasi jarangli undosh bilan tugagan bir boʻgʻinli soʻzlarga (kel soʻzidan boshqa), shuningdek, z undoshi bilan tugagan orttirma nisbat yasovchisidan keyin qoʻshiladi: quvdir, kuldir; oʻtkazdir, tomizdir kabi. Qolgan barcha hollarda bu qoʻshimcha -tir aytiladi va shunday yoziladi: uyaltir, chaqirtir kabi; joʻnalish kelishigi qoʻshimchasi -ga, chegara bildiruvchi -gacha, ravishdosh shaklini yasovchi -gach, -guncha, -gani, -gudek, sifatdosh shaklini yasovchi -gan, buyruq maylining ikkinchi shaxs koʻrsatkichi -gin, shuningdek, -gina qoʻshimchasi uch xil aytiladi va shunday yoziladi: k undoshi bilan tugagan soʻzga qoʻshilganda bu qoʻshimchalarning bosh tovushi k aytiladi va shunday yoziladi: tokka, yoʻlakkacha, koʻnikkach, zerikkuncha, toʻkkani, kichikkina kabi; q undoshi bilan tugagan soʻzlarga qoʻshilganda bu qoʻshimchalarning bosh tovushi q aytiladi va shunday yoziladi: chopiqqa, qishloqqacha, yoqqach, qoʻrqqudek, achchiqqina kabi; qolgan barcha hollarda, soʻz qanday tovush bilan tugashidan va bu qoʻshimchalarning bosh tovushi k va q aytilishidan qatʼi nazar, g yoziladi: bargga, pedagogga, bugʻga, ogʻgan, sigʻguncha kabi. Qoʻshib yozish 38. xona, noma, poya, bop, xush, ham, baxsh, kam, umum, rang, mijoz, sifat, talab kabi soʻzlar yordamida yasalgan qoʻshma ot va qoʻshma sifatlar qoʻshib yoziladi: qabulxona, tabriknoma, taklifnoma, bedapoya, ommabop, xushxabar, hamsuhbat, orombaxsh, kamquvvat, bugʻdoyrang, umumxalq, sovuqmijoz, devsifat, suvtalab kabi.

39. -(a)r (inkori -mas) qoʻshimchasi bilan tugaydigan qoʻshma ot va qoʻshma sifatlar qoʻshib yoziladi: oʻrinbosar, otboqar, choʻlquvar, ishyoqmas, qushqoʻnmas kabi.

40. Takror taqlid soʻzlarga qoʻshimcha qoʻshish bilan yasalgan ot va fe'llar qoʻshib yoziladi: pirpirak (pir-pir+ak), hayhayla (hay-hay+la), gijgijla (gij-gij+la) kabi,

41. Narsani (predmetni) boshqa biror narsaga nisbatlash (qiyoslash), oʻxshatish yoʻli bilan bildiruvchi qoʻshma ot va qoʻshma sifatlar qoʻshib yoziladi: karnaygul, qoʻziqorin, otquloq, oybolta, devqomat, sheryurak, bodomqovoq, qirgʻiykoʻz kabi.

42. Narsani uning rangi, mazasi, oʻzidagi biror narsasi va shu kabi belgilari asosida bildiruvchi qoʻshma otlar qoʻshib yoziladi: olaqargʻa, qizilishton, achchiqtosh, mingoyoq kabi.

43. Narsaning biror maqsad, ish uchun moʻljallanganligini bildiruvchi qoʻshma otlarqoʻshib yoziladi: kirsovun, qiymataxta, tokqaychi, oshrayhon, koʻzoynak, molqoʻra, nosqovoq kabi.

44. Narsani joyga nisbat berish asosida bildiruvchi qoʻshma otlar qoʻshib yoziladi: togʻolcha, choʻlyalpiz, suvilon, qashqargul kabi.

45. Marosim, afsona kabilarni bildiruvchi qoʻshma otlar qoʻshib yoziladi: kiryuvdi, kelintushdi, qoryogʻdi, Urtoʻqmoq, Ochildasturxon kabi.

46. Qaratuvchili birikmaning bir soʻzga aylanishi bilan yuzaga kelgan qoʻshma otlar qoʻshib yoziladi: mingboshi, soʻzboshi, olmaqoqi kabi.

47. Ikkinchi qismi turdosh ot bilan yoki obod soʻzi bilan ifodalangan joy nomlari qoʻshib yoziladi: Yangiyoʻl, Toʻrtkoʻl, Mirzaobod, Xalqobod kabi. Lekin ikkinchi qismi atoqli ot boʻlgan joy nomlari ajratib yoziladi: Oʻrta Osiyo, Koʻhna Urganch, Oʻrta Chirchiq kabi.

48. Rus tilidan aynan oʻzlashtirilgan yoki soʻzma-soʻz tarjima qilish yoʻli bilan hosil qilingan qoʻshma soʻzlar qoʻshib yoziladi: kinoteatr, radiostansiya, fotoapparat, elrktrotexnika, telekoʻrsatuv, yarimavtomat, bayramoldi, suvosti kabi.

49. Qisqartmaning barcha turlari va ularga qoʻshiladigan qoʻshimchalar qoʻshib yoziladi: SamDu, ToshDuning kabi. Lekin yonma-yon kelgan ikki qisqartma ajratib yoziladi: OʻzXDP MK (Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi markaziy kengashi) kabi.

50. Bir tovush ikki yoki undan ortiq tovush tarzida aytilsa, bunday holat harfni takror yozish bilan koʻrsatiladi: yoʻoʻq, nimaa, himm, ufff kabi.

Chiziqcha bilan yozish 51. Juft soʻz va takror soʻz qismlari chiziqcha bilan yoziladi: el-yurt, mehr-shafqat, qovun-tarvuz, omon-eson, kecha-kunduz, yozin-qishin, asta-sekin, uch-toʻrt, oʻn-oʻn beshta (10-15 ta), bilinar-bilinmas, bordi-keldi, kuydi-pishdi, don-dun, oz-moz, mayda-chuyda, aldab-suldab, oʻylab-netib, soʻramay-netmay, kiyim-kechak, adi-badi, ikir-chikir, ich-ichidan kabi.

Eslatma juft soʻzdan qoʻshimcha yordamida yasalgan soʻzlar ham chiziqcha bilan yoziladi: baxt-saodatli, xayr-xoʻshlashmoq kabi; juft soʻz qismlari orasida -u(-yu) bogʻlovchisi kelsa, undan oldin chiziqcha qoʻyiladi va juft soʻz qismlari ajratib yoziladi: doʻst-u dushman (doʻst-dushman), kecha-yu kunduz (kecha-kunduz) kabi; yetakchi va koʻmakchi feʼl bir xil shaklda boʻlsa, chiziqcha bilan yoziladi: yozdi-oldi, borasan-qoʻyasan kabi.

52. Belgini kuchaytiruvchi qip-qizil, yam-yashil, dum-dumaloq, kuppa-kunduzi, toʻppa-toʻgʻri, bab-barobar kabi soʻz shakllari chiziqcha bilan yoziladi (lekin oppoq soʻzi qoʻshib yoziladi).

53. Soʻzning -ma, ba- yordamida birlashgan qismlari chiziqcha bilan yoziladi: koʻchama-koʻcha, uyma-uy, rang-barang, dam-badam kabi. Lekin mustaqil ishlatilmaydigan qism qatnashsa, bunday soʻzlar qoʻshib yoziladi: roʻbaroʻ, darbadar kabi.

54. Rus tilidan aynan yoki soʻzma-soʻz tarjima qilish yoʻli bilan olingan soʻzlar asliga muvofiq chiziqcha bilan yoziladi: unter-ofitser, kilovatt-soat kabi.

55. -chi, -a(-ya), -ku,-u(-yu), -da, -e, -ey yuklamalari chiziqcha bilan yoziladi: sen-chi, kutaman-a, mingta-ya, keldi-ku, kelgan-u, qoʻy-e, yashang-e, keldi-ey kabi. Ammo -mi, -oq(yoq), -ov(yov), -gina(-kina, -qina) yuklamalari oʻzidan oldin kelgan soʻzga qoʻshib yoziladi: keliboq, oʻziyoq, koʻrganov, mengina, qoʻshiqqina kabi.